BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbarining taklifiga binoan 2021 yilda Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotiga raislik qilish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyevaga topshirildi.

Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollarining muloqotini tashkil etish bo‘yicha videokonferensaloqa shaklidagi ilk uchrashuvda shu qarorga kelindi. Bu qarorga kelingani bejiz emas. Chunki O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash O‘zbekiston siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Muhimi, bu yo‘nalishda sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi nomidan ishtirok etgan Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva xotin-qizlarga qulay shart-sharoit yaratishga doimiy e’tibor qaratilishi bilan birga ular mas’uliyatli lavozimlarga tayinlanayotganini ta’kidladi.  Bu davlatimiz rahbarining xotin-qizlarga bo‘lgan katta ishonchi va hurmatidan dalolat beradi.

Markaziy Osiyoning beshta mamlakati vakillari, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi hamda BMTTDning Yevropa va MDH mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy byurosi rahbarlari qatnashgan uchrashuvda Markaziy Osiyoda davlatlararo hamkorlikni mustahkamlashda xotin-qizlarning o‘rni muhokama etildi. Ularning davlat va jamoat ishlaridagi ishtiroki, o‘zgarishlarni ro‘yobga chiqarish va islohotlarni amalga oshirishga ko‘maklashish, shu jumladan, gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tahlil etildi.

“Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollari bilan muloqot” norasmiy mexanizmining faoliyati mintaqada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni saqlash, mamlakatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Barqaror rivojlanishga erishish, davlat va jamiyat boshqaruvi, tadbirkorlik tizimida ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish, qolaversa, xotin-qizlar, yoshlar va bolalarning huquqlari hamda manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan loyihalar va dasturlarni amalga oshirishni jadallashtirish hamda gender tenglikni ta’minlashga ko‘maklashadi.

BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari N.German qayd etganidek, markaz muhokamalar uchun platforma yaratishda, keyingi ishlarda, shu jumladan, mintaqaviy va global hamkorlik aloqalarini kengaytirishda, tajriba almashishda yordam berishga tayyor.

Uchrashuv davomida tomonlar ishning birinchi yilidagi hamkorlik sohalari va norasmiy tuzilmaning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha takliflarni ham ko‘rib chiqdi.

Mintaqa davlatlari o‘rtasida hamkorlikning mazkur yangi formati mamlakatlarimizda xotin-qizlar rolini kuchaytirishga qaratilgan qarorlarni birgalikda ishlab chiqishda samarali mexanizm bo‘ladi.

Norgul Abduraimova, O‘zA