Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligida O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi elchixonasi tomonidan olib kelingan tibbiy jihozlarni topshirish marosimi bo‘ldi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Q.Sariyev, O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi B. Saidov mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy va insonparvarlik sohalaridagi hamkorlik masalalariga to‘xtalishdi.

Butun dunyoni larzaga solgan koronavirus pandemiyasi davrida Xitoy davlati mamlakatimizga alohida yordam ko‘rsatdi. Jumladan, sinovli kunlarda bir guruh xitoylik shifokorlar mamlakatimizda bo‘lib, kasallikning oldini olish va bemorlarni davolashda amaliy ko‘mak berdi. Elchixona tomonidan olib kelingan navbatdagi insoniylik yuk koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashishga yo‘naltirilgan yuqori texnologik tibbiy buyumlar, ya’ni 6 dona nogironlik aravachasi, 5 dona kislorod konsentratori, 570 quti Lyanxua preparatы, 30 dona kontaktsiz termometr, 20 ming dona tibbiy niqobdan iborat.

– Qoraqalpog‘istonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar eksport ko‘lami yildan-yilga ortib bormoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Baxtiyor Saidov. – bugungi kunda ushbu mamlakatga eksport qilinayotgan qizilmiya ekstraktining aksariyat qismi Qoraqalpog‘istonning ulushiga to‘g‘ri keladi. Bu boradagi hamkorligimiz davom etib, 2020-2021 yillarda umumiy qiymati 210 million dollarlik 7 ta loyiha amalga oshiriladi.

Tadbir yakunida olib kelingan tibbiy jihozlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilariga topshirildi.

 

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA