Bir necha kundan buyon ijtimoiy tarmoqlarda bir mavzu “aylanib” yuribdi. Ya’ni, Oliy Majlis Senatining shu yil 18 dekabrda o‘tkazilgan yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqilishi masalasi kiritilganiyu so‘ng kun tartibidan chiqarib tashlangani, Konstitutsiyaga o‘zi aynan qanday o‘zgartirishlar kiritilayotgani, uning asoslari nimalardan iboratligi haqida jamoatchilikda savollar paydo bo‘lmoqda.

Men ana shu muhokamalarni diqqat bilan kuzatib kelayotgan, qonun ijodkorligi jarayonlaridan xabardor bir deputat sifatida ayrim fikrlarni bildirishni lozim topdim.

Avvalo, jamoatchilik ko‘tarayotgan muhokamaning mohiyati nimada, degan savol ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy.

Ma’lumki, Prezidentimizning 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmonida 2021 yil 1 yanvardan umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etish xususida ustuvor vazifalar belgilab berilgan.

Avvalo, mazkur Farmonning 1-bandida Oliy sud tomonidan Sudyalar oliy kengashi va sudyalar hamjamiyati bilan birgalikda qonunchilik tashabbusi asosida viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etish, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlarini saqlab qolgan holda tuman (shahar) ma’muriy sudlari negizida ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishga ixtisoslashtirilgan tumanlararo ma’muriy sudlarni tashkil etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilganligi ma’lum qilingan edi. Ya’ni, jamoatchilik bu borada 24 iyuldayoq xabardor etilgan.

Tabiiyki, bunday o‘zgarishlarni, avvalo, Konstitutsiyada aks ettirish taqozo qilinadi.

Shu o‘rinda sinovdan o‘tayotgan ancha yillik tajribamizni aytib o‘tsam. Odatda yurtimizda ko‘plab sohalarda muhim institutsional o‘zgarishlar bo‘lishi kutilsa, parlament uning huquqiy asoslarini yaratish ustida oldindan bosh qotiradi. Chunki, qonunchilik tashabbusi huquqi sub’ekti qonun loyihasini qachon tayyorlab, qachon kiritishini kutib o‘tirish ko‘pincha vaqtni boy berishga olib keladi, xolos. Shu nuqtai nazardan, Qonunchilik palatasi Prezidentimiz Farmoni e’lon qilingan kundan boshlab o‘zining tayyorgarlik ishlarini boshlab yuborgan edi.

Sud-huquq tizimidagi bu kabi juda muhim o‘zgarishlarni, avvalo, soha mutaxassislari, ekspertlar, shuningdek, jamoatchilik bilan keng muhokama qilish ehtiyojidan kelib chiqib, joylarda qator tadbirlar, o‘rganishlar ham o‘tkazildi.

Xususan, Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari tomonidan jamoatchilikning sud-huquq tizimidagi islohotlarga nisbatan munosabatini o‘rganish maqsadida mamlakatimiz hududlarida sudyalar, advokatlar, sektor rahbarlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari hamda fuqarolar bilan bir necha marotaba uchrashuvlar o‘tkazildi. Ushbu uchrashuvlarda kelib tushgan 200 dan ziyod taklif va mulohazalar tahlil qilindi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, joylarda sud tizimida fuqarolarning talab va istaklarini adolatli amalga oshirishda to‘siq bo‘layotgan muammo hamda kamchiliklar, odil sudlovni ta’minlashda mavjud to‘siqlar chuqur tahlil qilinib, sud-huquq tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan aniq takliflar ishlab chiqildi.

Qolaversa, ayni masala bo‘yicha mamlakatimiz Prezidenti huzurida 30 iyun kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputatlari tomonidan 16-19 sentyabr kunlari hududlarda odil sudlovni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holati yana keng ko‘lamda o‘rganildi.

Qonunchilik palatasining 50 nafar deputatidan iborat tarkibda tuzilgan ishchi guruhlar hududlarga chiqib, sektor rahbarlari, tadbirkorlar, sudyalar, surishtiruv va tergov organlari hamda keng jamoatchilik vakillari bilan muloqot qilib, olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi, to‘planib qolgan masalalarni o‘rgandi. O‘rganishlar davomida tergov va sud organlariga moneliksiz murojaat qilish imkoniyati, ularda fuqarolarni qabul qilish uchun yaratilgan sharoitlar, aholiga huquqiy xizmat ko‘rsatish, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda inson omilining amalda qisqarganlik darajasi chuqur tahlil qilindi.

Hududlarda odil sudlovga erishish masalalari yuzasidan aholining fikrini atroflicha o‘rganish maqsadida deputatlar tomonidan anonim so‘rovlar o‘tkazilib, ularda 3 mingga yaqin respondent ishtirok etdi.

O‘rganishlar yakunlari xalq deputatlari 14 ta tuman (shahar) Kengashlari sessiyalarida tanqidiy ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Bu jarayonlarning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida birinchi manba, ya’ni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining rasmiy veb-saytida tizimli ravishda yoritib borildi. Qolaversa, Oliy Majlis muassisligidagi “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari, markaziy va mahalliy telekanallarda yoritildi. Bugun ochiqlik bo‘yicha olib borilayotgan siyosatning bevosita ijrochilaridan biri Oliy Majlis Qonunchilik palatasi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Biz – deputatlar faoliyatimizni keng ommaga yetkazishda ham aynan jurnalist va blogerlarning adolatli va xolis yondashuviga tayanamiz.

Deputatlarning joylarda olib borgan ana shunday keng ko‘lamli o‘rganishlari, o‘tkazilgan so‘rovlar, mahalliy kengashlar sessiyalarida xalqimiz, jamoatchilik vakillari bilan o‘tgan muhokamalar, Qonunchilik palatasida bir necha marotaba tashkil etilgan seminar va anjumanlar bejizga emas edi, albatta.

Bularning barchasi sudlar tizimidagi institutsional o‘zgarishlarni ko‘zda tutuvchi qonun loyihalarini har tomonlama pishiq-puxta bo‘lishini ta’minlash, muhokamalar jarayonida masalaga joylardagi duch kelinayotgan real muammolar nuqtai nazaridan yondashish uchun asqotishi tabiiy edi. Va shunday bo‘ldi ham.

Oliy sud tomonidan joriy yil noyabr oyida Qonunchilik palatasiga kiritilgan mazkur qonun loyihasi dastlab ishchi guruhda, so‘ng qo‘mitalarda, siyosiy partiyalar fraksiyalarida  muhokamalardan o‘tkazildi. Deputatlar, sudyalar, advokatlar, olimlar, ekspertlar ishtirokida bir necha bor ishlandi.

Muhokamalar jarayoni xususida Qonunchilik palatasining rasmiy veb-sayti, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari, markaziy ommaviy axborot vositalarida yoritildi. Qolaversa, deputatlarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida axborot va munosabatlari e’lon qilindi.

Boshqacha aytganda, Konstitutsiyaga kiritilishi ko‘zda tutilgan o‘zgartishlar, ayrim hurmatli blogerlarimiz aytganidek, jamoatchilikdan “sir” tutilgani yo‘q.

Keling, yaxshisi xulosa chiqarishdan ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 128-moddasining o‘zini o‘qiylik: “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tegishli taklif kiritilgandan keyin olti oy mobaynida Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar hamda tuzatishlar kiritish to‘g‘risida keng va har taraflama muhokamani hisobga olgan holda qonun qabul qilishi mumkin”.

E’tibor bering: ushbu modda mohiyatida Konstitutsiyaga o‘zgartish tegishli taklif kiritilgandan so‘ng olti oy mobaynida, keng va har taraflama muhokamani hisobga olgan holda, qonun qabul qilishi mumkinligi aytilyapti. Ya’ni, olti oylik muddat loyihani muhokama etishga emas, uni qabul qilish uchun berilyapti.

Qonunni qabul qilish uchun u avval Qonunchilik palatasida, so‘ng Senatda ko‘rib chiqilishini e’tiborga olsak, bu muddat qanchalik ahamiyatga ega ekanligi yaqqol anglashiladi. Ya’ni, qonunni qabul qilish muddati olti oydan oshmasligi shart. Bu esa, palatalar yetarlicha muhokamani tashkil etib, loyihani maromiga yetkazgan bo‘lsa, istasa, uni bir yo ikki oyda ham qabul qilishi mumkinligini bildiradi.

Nima bo‘lgan taqdirda ham, mazkur qonunning qabul qilinishi jamoatchilikdan sir tutilgani yo‘q. bugungi ochiqlik-shaffoflik, oshkoralik davrida bunga ehtiyoj ham yo‘q aslida. Chunki, mazkur qonun ham boshqalari kabi xalqimiz uchun ko‘p afzalliklarni yuzaga keltiradi. Fuqarolarning sudma-sud sarson bo‘lib yurishiga barham berib, ularning muammosini bir joyda hal qilinishiga imkon yaratadi. Sud tizimini boshqarish masalalarining takomillashtirilishiga, shuningdek, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarni tashkiliy, moliyaviy va moddiy-texnik jihatdan ta’minlash ishini yanada yaxshilashga turtki beradi.

 

Shuhrat POLVONOV,  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputat