Olive Normand Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining maslahatchisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati ma’lum qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 25 sentyabrdagi “Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimini yanada takomillashtirish hamda sohadagi investitsiya loyihalari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi doirasida suv resurslari sohasidagi xorijlik ekspert Olive Normand vazirning davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish orqali markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti yetib bormagan qishloq aholi punktlarini ichimlik suvi bilan ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlandi.

Mazkur sohada xalqaro tajribaga ega bo‘lgan ekspert sifatida Olive Normand davlat ijtimoiy buyurtmalari asosida qishloq aholi punktlarini ichimlik suvi bilan ta’minlash loyihalarini shakllantirish, ularni amalga oshirish hamda natijadorligini monitoring qilish masalalarida vazirlik mas’ul xodimlariga ko‘maklashadi.

Ayini paytda Olive Normand ushbu masalalarda vazirlik huzurida tashkil etilgan jamoatchilik kengashi a’zosi sifatida ham faoliyat yuritadi.