Adliya vazirligi fuqarolarning huquqiy bilimlarini oshirishga bo‘lgan harakatlarini rag‘batlantirish maqsadida muntazam ravishda turli tanlovlar va viktorinalar o‘tkazib kelmoqda.

Joriy yilning 12 oktyabr kuni start berilgan “Huquq bilimdonlari” tanlovining 2-bosqichi – onlayn test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, eng yuqori ball jamlagan 11 nafar ishtirokchi (10-o‘rinni egallagan ishtirokchi bilan bir xil natijani qayd etgan ishtirokchi ham) uchinchi – final bosqichiga yetib keldi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur tanlovda oliy yuridik ma’lumotga ega shaxslar, yuridik sohada tahsil olayotgan oliy ta’lim muassasalari talabalari, shuningdek adliya organlari va muassasalari xodimlari hamda ularning yaqin qarindoshlari ishtirok etishi taqiqlangan.

Yakuniy bosqich bugun “Zoom” onlayn platformasi orqali bo‘lib o‘tdi.

Tanlov g‘oliblari Adliya vazirligi xodimlari, nufuzli huquqshunoslar, davlat va jamoat arboblari hamda jamoatchilik vakillaridan tarkib topgan komissiya tomonidan aniqlandi.

“Huquq bilimdonlari” homiylar mablag‘lari hisobidan quyidagicha taqdirlanadi:

Otaboyev Abror Hamdamovich  – 1-o‘rin – iPhone 12;

Sharipov Sherzod Shavkatovich – 2-o‘rin – noutbuk;

Jumanazarova Dilrabo Haqnazarovna – 3-o‘rin – elektr samokat.

Adliya vazirligi fuqarolarni huquqiy bilimlarini muntazam ravishda oshirish orqali jamiyat taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shishga chorlab qoladi. Zero, huquqni bilgan hech qachon qoqilmaydi.

Muattar Burhonova, O‘zA