«Adolat» sotsial-demokratik partiyasidan saylangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Zuhra Ibragimova Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanida aholi bilan sayyor qabul o‘tkazdi.

Qabul davomida fuqarolarning ijtimoiy yordam, elektr ta’minoti, gaz, ichki yo‘llar kabi masalalar bo‘yicha murojaatlari tinglandi. Ularning ko‘pchiligi joyida hal etildi. Muddat talab etiluvchi muammolarning bartaraf etilishi yuzasidan tumanning tegishli mutasaddi tashkilot va idoralariga topshiriqlar berildi. Murojaatlarning ijrosini nazoratga olish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Kunning ikkinchi yarmida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati tuman tibbiyot birlashmasida bo‘lib, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati bilan yaqindan tanishdi. Tibbiyot xodimlari bilan bo‘lgan uchrashuvda keyingi yillarda mamlakatimizda tibbiyot sohasini tubdan yaxshilash bo‘yicha davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ishlar, bu borada qabul qilingan qator qaror va farmonlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Uchrashuvda tibbiyot xodimlari tomonidan taklif va mulohazalar ham bildirildi.

Deputat tumandagi 61-umumta’lim maktabida, “Qavatqal’a”, Navoiy, “Yangiyer” mahalla, “Ellikqal’a”, “Aqchako‘l” ovul fuqarolar yig‘inlarida bo‘ldi. Hududlardagi kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalar va nogironligi bor shaxslar holidan xabar olinib, ularga ma’naviy va moddiy yordam ko‘rsatildi. Jumladan, Navoiy mahalla fuqarolar yig‘inidagi nogironligi bo‘lgan farzandini tarbiyalayotgan M.Atajanovaning oilasiga gaz plitasi sovg‘a qilindi. Bundan tashqari, “Ellikqal’a” hamda “Aqchako‘l” ovul fuqarolar yig‘inlarida nogironligi bo‘lgan farzandlari bor oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.

 Dovud ABIBULLAEV, O‘zA