O‘zbekiston Respublikasi va Yaponiya TIV o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuv videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tdi.

Delegatsiyalarga mamlakatimiz tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidiqov va Yaponiya tashqi ishlar vazirligining Markaziy Osiyo bo‘yicha Maxsus vakili Shuichi Tokuda boshchilik qildi.

Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi O‘zbekiston – Yaponiya strategik sherikligini yanada chuqurlashtirish, xalqaro tashkilotlar va ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil dekabr oyidagi Yaponiyaga rasmiy tashrifi o‘zaro ishonch va anglashuvning yuqori darajasini o‘rnatish, keng qamrovli yo‘nalishlar bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim mexanizmlarni yaratishga imkon berganini mamnuniyat bilan e’tirof etdi. Oliy darajada erishilgan barcha kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlar qabul qilish zarurligi qayd etildi.

Bo‘lajak qo‘shma tadbirlar, jumladan, “Yaponiya+Markaziy Osiyo” Muloqoti doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik jadvali, tadbirning tashkiliy jihatlari ko‘rib chiqildi.

Iqtisodiy munosabatlarning avvalgi o‘sish ko‘rsatkichlarini qayta tiklash va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirishga qiziqish bildirildi.

Sanoatni modernizatsiyalash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish borasida hamkorlik qilish, energetika, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va fan sohalarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Yaqinda Toshkentda Yaponiyaning “Digital knowledge” kompaniyasi bilan birgalikda ochilgan raqamli universitet ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etgan loyiha bo‘ldi. Bu universitetda Yaponiya oliy ta’lim muassasalari dasturi bo‘yicha o‘qish onlayn tarzda olib boriladi.

Yaponiyaning “Yamanashi Gakuin” kompaniyasi bilan qo‘shma universitet tashkil etish bo‘yicha yaqin hamkorlikni davom ettirish ham muhimligi qayd etildi.

Maslahatlashuv chog‘ida tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

O‘zA