Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatimizda taʼlim-tarbiya tizimini takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirish masalalari muhokamasi boʻyicha videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Davlatimiz rahbari Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan soha vakillariga yoʻllagan tabrik nutqida taʼkidlaganidek, taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham ilm-fan, taʼlim va tarbiyadir.

Shuning uchun ham, Oʻzbekistonda taʼlim tizimini kompleks rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash maqsadlariga katta kuch va mablagʻlar yoʻnaltirilmoqda. Maktabgacha taʼlim, maktab va oliy taʼlim tizimlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatida sifat oʻzgarishlari roʻy bermoqda.

– Biz ustozni otaday ulugʻ deb bilgan, doimo ardoqlagan maʼrifatparvar xalqning vakillarimiz. Men ham oʻqituvchi, muallim deganda oʻzim uchun eng aziz va hurmatli boʻlgan, ziyoli va zamonaviy, samimiy va mehribon insonlarni tasavvur qilaman. Chunki hammamizga ham shu muallim saboq va taʼlim berib, mehribon ota-onalarimiz qatorida tarbiyalagan, – dedi davlat rahbari yigʻilish avvalida. – Bugungi kunda Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davri poydevorini yaratyapmiz. Bunda bizning eng yaqin koʻmakchilarimiz ustoz va murabbiylar, ilmiy va ijodkor ziyolilardir.

Har bir oila, har bir bola hayoti maktab bilan bogʻlangani, bu masala davlatning, jamiyatning eng muhim ishi ekani taʼkidlandi.

– Hammamiz aziz farzandlarimiz hayoti va taqdirini oʻqituvchi va murabbiylarga ishonib topshiramiz. Mana shunday beqiyos boylik posbonlari, kelajak bunyodkorlari boʻlgan bu moʻtabar zotlarga munosib hurmat-ehtirom koʻrsatishimiz kerak, – dedi Prezident.

Yigʻilishda bugungi modernizatsiya jarayonlari, islohot va oʻzgarishlar natijadorligi maktab taʼlimiga, yangi avlod kadrlarini yetishtirish masalasiga borib taqalayotgani qayd etildi. Shu bois maktab direktorlari va muallimlarga koʻp narsa bogʻliq. Ular qishloq va shaharlarda taʼlim-tarbiya, madaniyat va maʼnaviyat tarqatadigan fidoyi kishilardir. Maktablar nafaqat taʼlim maskani, balki mahallaning madaniy, intellektual markazi boʻlishi zarur.

Maʼlumki, mamlakatimiz taʼlim-tarbiya tizimini yana-da takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirish maqsadida Prezident farmoni loyihasi ishlab chiqildi. Mazkur hujjat regulation.gov.uz portaliga qoʻyilib, barcha hududlarda, mahalliy kengashlarda va maktab jamoalarida ota-onalar ishtirokida keng muhokama qilindi.

Farmon loyihasida taʼlimdagi hozirgi muammolarni hal qiladigan, yaqin besh yilda natijasini koʻrsatadigan va keyingi taraqqiyot darajasini belgilab beradigan maqsadlar qamrab olingan.

Jumladan, jamiyatda muallimning obroʻ-eʼtibori va maqomini koʻtarish, oʻquv dasturlari va metodikasini toʻliq qayta koʻrib chiqish, maktabni taʼlimning keyingi bosqichlari bilan uzviy bogʻlash, oʻqituvchilarni ortiqcha qogʻozbozlikdan xalos etib, oʻz ustida koʻproq ishlashi uchun sharoit yaratish va shuni ragʻbatlantirish, maktab infratuzilmasi va undagi maʼnaviy muhitni yaxshilash kabi masalalarning yechimlari aniq belgilab berilmoqda.

Eng asosiysi, joylardagi rahbarlarning, shuningdek, mahalliy kengashlarning ushbu muhim masalaga yondashuvi va eʼtiborini tubdan oʻzgartirish, ularning masʼuliyati, javobgarligi va hisobdorligi mexanizmlari kiritilmoqda.

Videoselektor yigʻilishida taʼlim sohasidagi muammolar, ularni hal etib, taʼlim sifatini oshirishga oid vazifalar muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari avvalo maktablarda oʻquv yuklamasi va darslar sonini qayta koʻrib chiqish, oʻquvchilarni faqat yodlashga emas, balki fikrlashga chorlaydigan metodika yaratish zarurligini taʼkidladi.

Bu borada Finlyandiya tajribasi misol qilib keltirildi. Ushbu mamlakat umumiy savodxonlik, tabiiy fanlar va matematika boʻyicha dunyoda eng ilgʻorlardan biri.

– Maktabda oʻqitish metodikasi oʻzgarmasa, taʼlim sifati ham, mazmuni ham, muhit ham oʻzgarmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Dunyodagi zamonaviy oʻquv dasturlari, oʻqitish metodikalarini oʻrganib, yurtimiz umumtaʼlim maktablarida joriy qilish muhimligi taʼkidlandi. Xalq taʼlimi vazirligiga ushbu tajriba asosida Milliy oʻquv dasturini ishlab chiqib, 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab taʼlim jarayoniga sinov tariqasida tatbiq etish vazifasi qoʻyildi.

Yangi metodikani samarali yoʻlga qoʻyish uchun barcha maktab oʻqituvchilari videoaloqa orqali xorijiy mutaxassislar ishtirokida oʻqitiladi. Eng muhimi, bu jarayonlarga pedagogika yoʻnalishidagi universitet va institutlar ham jalb qilinib, pedagog kadrlar tayyorlash metodikasi ham yangilanadi. Shuningdek, matematika, fizika, kimyo, biologiya va informatika fanlari boʻyicha chet ellardagi ilgʻor darsliklar chuqur oʻrganib chiqiladi.

Maktablarni taʼmirlash, obodonlashtirish, isitish kabi xoʻjalik masalalariga hokimlar shaxsan masʼul ekani eslatib oʻtildi. Shuningdek, oliy oʻquv yurtiga kira olmagan bitiruvchilarni muayyan kasb-hunar yoki tadbirkorlikka jalb etish muhim.

Shu bois kelgusi yildan boshlab 7-sinfdan oʻgʻil-qizlarning kasbga qiziqishlarini aniqlash va bosqichma-bosqich kasbga yoʻnaltirish amaliyoti joriy qilinishi belgilandi. Hududdagi sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish korxonalari maktablarga biriktiriladi.

Har bir maktab reytingini hamda shu asosda taʼlim sifati boʻyicha tuman, shahar va viloyatlar reytingini ishlab chiqish zarurligi aytildi. Reyting natijalariga qarab, maktab direktorlari va oʻrinbosarlari, oʻqituvchilar, hokimlar va ularning taʼlim boʻyicha maslahatchilari faoliyatiga baho beriladi.

Reytingda birinchi beshlikka kirgan maktab direktorlariga mahalliy byudjetdan ustama toʻlanadi. Xususan, maktab direktorlari va ularning oʻrinbosarlariga mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 3 baravaridan 12 baravarigacha ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar beriladi. Shu bilan birga, xalq taʼlimi boʻlimi rahbari va metodisti, maktab direktorlari, tuman reytingida birinchi va ikkinchi oʻrinni egallagan maktablarning 2 nafar ilgʻor oʻqituvchisiga kasaba uyushmalari hisobidan har yili sihatgohlarga ikki haftalik bepul yoʻllanma beriladi. Shuningdek, fidoyi pedagoglar boshqa yoʻllar bilan ham ragʻbatlantiriladi.

Yigʻilishda pedagog kadrlar malakasini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Bugungi kunda pedagoglar har 5 yilda, rahbar kadrlar esa har 3 yilda malaka oshirmoqda. Lekin bu toʻla qamrov uchun yetarli emas. Joriy yilda Sirdaryo viloyatida 11 ming nafar maktab oʻqituvchilarining barchasi sinov tariqasida masofaviy malaka oshirish kurslari bilan qamrab olinmoqda.

Kelgusi yili Buxoro, Samarqand, Fargʻona viloyatlari va Toshkent shahrida malaka oshirish boʻyicha masofadan oʻqitish tashkil etiladi. Toshkent davlat pedagogika universiteti pedagog kadrlar malakasini oshirishda respublikada yetakchi oliygoh etib belgilanadi. Avloniy nomidagi malaka oshirish instituti esa taʼlim muammolarini chuqur oʻrganadigan ilmiy-tadqiqot dargohi boʻladi.

Oʻqituvchilar toifasini belgilash tartibini ham tubdan qayta koʻrib chiqish lozimligi taʼkidlandi.

Bugungi kunda xalq taʼlimi tizimida mehnat qilayotgan 490 mingdan ziyod pedagoglarning 4 foizi oliy, 15 foizi birinchi toifaga ega. 4 bosqichdan iborat amaldagi attestatsiya tizimida qogʻozbozlik hanuzgacha saqlanib qolgan.

Shu bois mutasaddilarga toifa berish tartibini soddalashtirish, pedagoglar bilimini yil davomida baholash imkonini beruvchi 2 bosqichli tizimga oʻtish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Yana bir muammo – taʼlim sifati pastligi, moddiy-texnika bazasi yetarli boʻlmagani sababli ayrim maktablar toʻliq quvvatda ishlamayapti. Masalan, Toshkent shahridagi 32 ta maktabda oʻquvchilarni qamrab olish darajasi past.

Mamlakatimizda xususiy taʼlim muassasalariga keng sharoit yaratilayotgani bois kelgusi yildan eksperiment tariqasida kam quvvatda ishlayotgan maktablarni tanlov asosida salohiyatli talabgorlarga ishonchli boshqaruvga berish taklifi bildirildi.

Maktablarda zamonaviy boshqaruvni joriy qilish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi. Endi maktab direktorlarini lavozimga tayinlash bevosita mahalliy kengashlar bilan kelishilgan holda, tanlov asosida amalga oshiriladi. Har bir nomzod maktabning koʻrsatkichlarini kelgusi 3 yilda yuqori darajaga olib chiqish boʻyicha oʻz dasturi bilan tanlovda ishtirok etadi va har yili kengashlar oldida hisobot beradi.

Bundan asosiy maqsad – maktablarning samarali faoliyatini tashkil etish, direktorlar ishiga noqonuniy aralashuvlar va kadrlar qoʻnimsizligiga barham berish.

Maktablar bilim bilan birga tarbiya, maʼnaviyat maskani hamdir. Davlatimiz rahbari bu ishlarga hududlarda yashab, ijod qilayotgan shoir va yozuvchilarni keng jalb qilish, maktablarning direktor jamgʻarmasidan va mahalliy byudjet mablagʻlaridan ularga oylik maosh toʻlash lozimligini taʼkidladi.

Oliy taʼlim sohasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish va qamrovni oshirish, har bir hududda kamida bittadan nodavlat oliy bilim yurti tashkil qilish muhimligi qayd etildi.

– Bugun koʻrib chiqilgan masalalar hammadan, maktab direktoridan boshlab Bosh vazirgacha boʻlgan barcha boʻgʻindagi rahbarlardan yuksak masʼuliyat va yuqori darajadagi javobgarlikni talab qiladi. Bu – yillar davomida koʻrinmaydigan, ammo natijasi yaqin 10-15 yilda butun mamlakat qiyofasini tubdan oʻzgartirishga asos boʻladigan qudratli manba, – dedi Prezident.

Parlament vakillari, shuningdek, joylardagi mahalliy kengash deputatlaridan taʼlim tizimidagi oʻzgarishlarni xalqimizga yetkazib, daxldorlik hissini oshirish, farmon qabul qilingach, ijrosini nazoratga olish, oʻz tajribalari bilan amaliy yordam berish soʻraldi.

Yigʻilishida hokimlar, oliy taʼlim muassasalari rektorlari, maktab direktorlari, pedagoglar taʼlim-tarbiya sifatini oshirishga oid fikr-mulohazalarini bildirdi.

O’zA