77 yoshli Qoraqalpogʻistonlik olim fan doktorligi dissertatsiyasini onlayn himoya qildi

Beshikdan to qabrgacha ilm izla, deyilgan hadisi sharifda. Qoraqalpogʻistonlik 77 yoshdagi olim, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlimi, Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi Sali Bauatdinov pandemiya sharoitidan kelib chiqib fan doktorligi dissertatsiyasini onlayn himoya qildi.

“Qoraqalpogʻiston agrorudalari asosida yangi turdagi murakkab aralashmali oʻgʻitlar olishning resurs tejamkor texnologiyasini ishlab chiqish” mavzusida doktorlik (DSc) dissertatsiyasini onlayn tarzda muvaffaqiyatli himoya qilgan S. Bauatdinov doktorlik ishi yuzasidan koʻp yillardan buyon tadqiqot ishlarini olib bormoqda.

– Biror marta boʻlsa ham ishlashdan charchadim, deb aytmagan. Har kuni ishga zavq bilan otlanadi va bizga doim ish joyidagi yutuqlarini toʻlib toshib aytadi. “Bugun 10 bet, 12 bet ilmiy maqola yozdim” deb oʻziga qanoatlanib oʻtiradi, – deydi olimning oʻgʻli Shamsutdin Bauatdinov.

S.Bauatdinov Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlimida Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi sifatida ilmiy ishlarini davom ettirmoqda.

Uning ilmiy ishlanmalari asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasining deyarli barcha tumanlarida, jumladan, Qoraoʻzak, Kegeyli, Chimboy va Xoʻjayli tumanlari – jami 18 ta fermer xoʻjaliklaridagi paxta ekilgan maydonlarda tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Ilmiy va amaliy natijalar fermer xoʻjaliklari maydonlarida joriy etilayotir.

photo_2020-06-07_19-13-37.jpg

Bugungi kunda yurtimizda uning bevosita ishtirokida yaratilgan ishlanmalar asosida yangi oʻgʻitlar, defoliantlar, oʻsish stimulyatorlarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilmoqda.

2016-2017-yillari yangi turdagi “Murakkab aralashmali oʻgʻit” Fanlar akademiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlimi qoshidagi kichik sanoat oʻgʻit ishlab chiqarish qurilmasida yiliga 80 tonnadan, 2018-2019-yilllari “Burlitogʻ kimyo” MCHJ kichik korxonasida yiliga 6000 tonnadan ishlab chiqarildi.

S.Bauatdinov tomonidan murakkab aralashmali mineral oʻgʻitlarning yangi turlarini Qoraoʻzak, Kegeyli, Chimboy va Xujayli tumanlarining paxta dalalarida foydalanish va agrokimyoviy tekshirish ishlari olib borildi.

U tomonidan yaratilgan murakkab aralashmali mineral oʻgʻitlari ekin maydonlarida (asosan paxta dalalarida) hosildorlikni 32 foizgacha oshirdi.

Murakkab aralashmali mineral oʻgʻitlar qoʻllash tadbiri tadqiqotlar olib borilgan tumanlardagi 18 fermer xoʻjaliklariga 4 yil davomida 480,8 gektar paxta ekinlari dalalarida joriy etilib, kutilgan iqtisodiy samaradorlikka erishildi.

photo_2020-06-07_19-13-32.jpg

Murakkab aralashmali mineral oʻgʻitlar joriy etilgan paxta ekilgan maydonlarda yangi oʻgʻitni qoʻllash va qimmat kimyoviy oʻgʻitni kamaytirish hisobiga iqtisodiy samaradorlik ekilgan har bir gektarga 207677 soʻmni tashkil etdi.

Murakkab aralashmali mineral oʻgʻitlarni Respublikaning paxta va qishloq xoʻjaligi ekinlari ekiladigan maydonlarida qoʻllash tavsiya etildi. Natijada hosildorlik oshdi.

S. Bauatdinov Qoraqalpogʻiston Respublikasi Chimboy tumanida ziyoli oilada tugʻilgan. 1960-yil maktabni tugatib oliygohda oʻqishni davom ettiradi. Mehnat faoliyatini 1966-yili Qoraqalpoq davlat pedagogika institutida oʻqituvchisi boʻlib ishlashdan boshlagan.

Ilmiy xizmatlari bilan Qoraqalpogʻiston agrarlari yaʼni, murakkab soddalashtirilgan mavzularida 4 monografiya chop etdi. Mana shunday mehnatlari mevasi oʻlaroq, 2013-yilda “Qoraqalpogʻiston Respublikasiga mehnati singan ilm fidoyisi” mukofotini qoʻlga kiritdi.

– “Ilm qorongʻuliklarni yorituvchi mashʼaladir”, deb xalqimiz bejizga aytmagan. Men ham hayot yoʻlimni ilm bilan yoritdim. Farzandlarimni ilm bilan topilgan halol luqma bilan kamolga yetkazganman.

photo_2020-06-07_19-13-41.jpg

Ilmiy ishlarim boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazgan paytlari mashaqqatlar boʻlib turgan. Toʻgʻri, qiyinchiliksiz hech narsaga erishib boʻlmaydi. Lekin, men toʻxtamadim, tinmadim, izlandim. Yoshim oʻtdi, endi boʻldi demadim.

Chunki, inson bolasi qabrgacha ilm izlashi kerak , – deydi olim. – Menga Prezidentimizning «Ilm-fan bilan shugʻullanish, yangi kashfiyot va ixtirolar qilish igna bilan quduq qazishdek gap.

Shunday ekan, bu mashaqqatli sohada fidokorona mehnat qilayotgan olimlarimiz mehnati tahsin va ragʻbatga munosib», degan soʻzlari ham quvvat ham kuch bagʻishlab turdi.

Ilm-fan, taʼlim-tarbiya inson faoliyatining zaruriy omili boʻlganidek men ularsiz hayotimni tasavvur qila olmayman. Nasib Alloh, kelgusida ham bu kabi ilmiy ishlar qilishga niyat qilganman.

S. Bauatdinov shu kungacha yuzdan ortiq ilmiy maqolalar yozgan, maqolalari chet el ilmiy nashrlarida ham chop qilingan, davlatimiz va nufuzli chet el ilmiy konferensiyalarida ishtirok etgan.

 

E.Qanoatov, OʻzA