Amerika Qo‘shma Shtatlari Pensilvaniya shtatidagi Pitsburg universiteti “Ilmiy hisobotlar” jurnalida chop etilgan yangi tadqiqot ko‘rsatdiki, endilikda ko‘pchilik sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan she’rni mumtoz adib yozgan asardan ajrata olmayapti.
Tajriba davomida 1634 ishtirokchi tanlab olingan 10 ta nazmiy asarni o‘qidi. She’rlarning yarmi sun’iy idrok “ijod”i mahsuli, qolgani Jorj Bayron, Emili Dikinson kabi shoirlar tomonidan yozilgan edi. Aksar nazm ishqibozlari she’rlar muallifini to‘g‘ri topa olmagan.
Yana bir sinovda 696 nafar she’rxon matnni sifat, hissiyot, ritm va o‘ziga xoslik bo‘yicha baholadi. Bu jarayonda ham muallifi oshkor etilmagan, sun’iy ong yaratgan asarlar yuqori ball oldi.
Olimlar xulosasiga ko‘ra, sun’iy intellekt she’riyati qulayroq va tushunarli qabul qilinadi. Demak, SI inson ijodiga juda ishonchli tarzda taqlid qila oladi.