O‘zbekiston delegatsiyasining taklifiga binoan BMT Bosh kotibi o‘rinbosari va BMT Atrof-muhit dasturi (UNEP) ijrochi direktori Inger Andersen Boku shahrida COP29 doirasida taqdim etilgan O‘zbekiston Milliy paviloniga tashrif buyurdi.

I.Andersen O‘zbekiston paviloniga qiziqishi yuqori bo‘lgani uchun atayin tashrif buyurganini va O‘zbekistonga tashrifini katta taassurotlar bilan yodga olishini ta’kidladi.

Tashrif davomida BMT Bosh kotibi o‘rinbosari O‘zbekistonga UNEP va uning tuzilmalari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish, xususan, UNEP ekologik konvensiyalari yuqori darajadagi tadbirlarini faol boshlagani, shu jumladan, BMT Konvensiyasining bajarilishini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasi, Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risidagi konvensiya ishtirokchilari konferensiyasining 14-yig‘ilishi va Yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi to‘g‘risidagi konvensiya ishtirokchilari konferensiyasining 20-yig‘ilishi uchun minnatdorlik bildirdi.

I.Andersen  COP29  ko‘rgazmasidagi O‘zbekiston paviloni  mamlakatning barqaror rivojlanish masalalarini hal etishga har tomonlama yondashuvini namoyish etganini qayd etdi.

UNEP rahbari 2025 yil 24 noyabrdan 5 dekabrgacha O‘zbekistonning Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi to‘g‘risidagi konvensiya ishtirokchilarining 20-konferensiyasiga taklif qilindi.

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA