Koronavirus pandemiyasi davrida aholi murojaatlari bilan ishlash, bu borada ularga amaliy yordam koʻrsatish masalasi har doimgidan ham muhim ahamiyatga ega.
Qoraqalpogʻiston Respublikasining Beruniy tumani davlat xizmatlari markazi ilgari kichik binoda joylashgan boʻlib, xonalari biroz tor edi. Bu oʻz navbatida fuqarolarga xizmat koʻrsatishda markaz xodimlariga noqulayliklarni keltirib chiqarayotgandi. Davlat xizmatlari markazining yangi, zamonaviy binosi foydalanishga topshirilishi ana shu muammolarni bartaraf etdi.
Bugun – 5-iyun kuni mazkur binoning ochilish marosimi oʻtkazildi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi oʻrinbosari A.Davletov yurtimizda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan ezgu gʻoyani hayotga keng tatbiq qilish maqsadida faoliyat yuritayotgan davlat xizmatlari markazlarining fuqarolarga qulayliklar yaratishga eʼtibor qaratib, ularning yashab turgan joylari, jumladan, olis hududlarda davlat xizmatlarini koʻrsatayotganini alohida taʼkidladi.
Bugungi kunda davlat xizmatlari markazi fuqarolarga 130 dan ortiq xizmat turlarini koʻrsatib kelmoqda.
Zamonaviy, eng soʻnggi axborot-texonologiya vositalari bilan taʼminlangan ushbu binoda markaz xodimlari va fuqarolar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Binoda dam olish va tibbiyot xonalari, bolalar maydonchasi mavjud. Bundan tashqari, Adliya vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Madad” nodavlat-notijorat tashkiloti huquqiy maslahat byurosi shu yerning oʻzida fuqarolarga bepul maslahat berib boradi.
Shuningdek, markazda elektron navbat tizimi joriy qilingan. Zarur antiseptik vositalar bilan taʼminlangan markazda fuqarolarga masofani saqlagan holda xizmatlar koʻrsatilmoqda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi
Joʻqorgʻi Kengesi Matbuot xizmati
OʻzA