Shavkat Mirziyoyevning Fargʻonaga amaliy tashrifi boshlandi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-iyun kuni Fargʻona viloyatiga amaliy tashrif bilan keldi.

Davlat rahbari korteji dastlab Qoʻshtepa tumanidagi “Tursunov Yusufjon yeri” fermer xoʻjaligi yonida toʻxtadi. Bu yerda 50 gektar gʻalla, 30 gektar paxta yetishtirilmoqda. Prezidentimiz gʻalla rivojini koʻzdan kechirdi. Gektaridan 82 sentner hosil olish kutilmoqda.

Shu yerda qishloq xoʻjaligi sohasi mutasaddilari va qoʻshtepalik fermerlar bilan muloqot boʻldi.

– Har bir hududning yeri, resurslari, imkoniyatlari oʻziga xos. Bugun Fargʻonaga kelishimizdan maqsad – bu imkoniyatlarni toʻliq safarbar qilib, odamlarga ish oʻrni, daromad manbai uchun sharoit yaratish, har bir tuman boʻyicha aniq reja shakllantirish. Qanday mehnat qilsak, shunday hayot boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Xoʻjalik dalasi yonida “Grapes and Gardens Investment” kompaniyasi tomonidan intensiv bogʻ ham yaratilgan. 100 gektarda oʻrik, 52 gektarda gilos ekilgan. Tomchilatib sugʻorish, sunʼiy soya qilish uskunalari oʻrnatilgan.

Ispaniya va Fransiyadan keltirilgan oʻrik navining hosildorligi juda yuqori. Bu eksportda muhim omil boʻladi. Bugungi kunda bogʻ uchastkalari kooperatsiya asosida tajribali tadbirkorlarga berilmoqda.

Davlatimiz rahbari daraxt qatorlari orasiga sarimsoqpiyoz va dukkakli ekinlar ekish, bunday bogʻlarni koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Shu yerda qishloq xoʻjaligi va agrosanoat loyihalari taqdimoti oʻtkazildi.

 

O’zA