Shavkat Mirziyoyev: Ishimizga odamlarning koʻzi bilan baho berishimiz kerak

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-may kuni Andijon viloyatiga keldi.

Davlatimiz rahbari dastlab Oltinkoʻl tumanidagi “Koʻhna vodiy bahori” fermer xoʻjaligida boʻlib, gʻalla va gʻoʻza rivojini koʻzdan kechirdi.

– Iqlim sharoiti yurtimizga oʻxshash xorijiy davlatlarda paxtadan 70 sentnergacha hosil olishadi. Qanday qilib? Ilm bilan, aql bilan. Andijonda yer kamligini hisobga olib, undan ikki karra samarali foydalanish zarur. Ishsiz, daromadi yetarli boʻlmagan minglab odamlar bor. Ishimizga oʻshalarning koʻzi bilan baho berishimiz kerak, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari gʻoʻza qator oralariga soya ekish boʻyicha Andijon tajribasini yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

– Fermer dalaga reja uchun emas, daromad uchun kirishi kerak. Soya ekilsa, bitta maydondan ikki barobardan ziyod daromad olish, yana koʻproq odamlarni ish bilan taʼminlash mumkin. Undan olinadigan moy ham, omixta yem ham juda sifatli, bozorbop. Toʻgʻri, bu qiyin. Lekin qaysi ish oson? – deya savol qoʻydi Shavkat Mirziyoyev.

Agrotexnologiyalarni rivojlantirish maqsadida Toshkent davlat agrar universitetining Andijon viloyati filiali negizida qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida alohida oliy taʼlim muassasasi tashkil etish muhimligi taʼkidlandi.

“Koʻhna vodiy bahori” fermer xoʻjaligining umumiy yer maydoni qariyb 76 gektar. Joriy yilda gʻallaning har gektaridan 20, paxtadan 10 sentnerdan qoʻshimcha hosil yetishtirish rejalashtirilgan. Gʻalla hosildorligi 81 sentner boʻlishi kutilmoqda.

Fermer xoʻjaligida 60 kishi doimiy va mavsumiy ish bilan taʼminlangan. Chorvachilik, asalarichilik yoʻlga qoʻyilgan.

Shu yerda paxtachilik, gʻallachilik va meva-sabzavotchilik klasterlari hamda chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.

Davlatimiz rahbari qayta jihozlangan avtobusda tashkil etilgan sayyor laboratoriya bilan ham tanishdi.

Давлатимиз раҳбари қайта жиҳозланган автобусда ташкил этилган сайёр лаборатория билан ҳам танишди.

 

O’zA