XVF rahbari Oʻzbekiston Prezidentiga maktub yoʻlladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
 
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident Janoblari!
COVID-19 pandemiyasining salbiy oqibatlari butun dunyo hamjamiyatiga taʼsir qilayotgan bugungi favqulodda sharoitda men mamlakatingizdagi qiyinchilik va xatarlarni yengib oʻtishda Oʻzbekiston xalqi bilan birdam ekanimni bildirmoqchiman. Virus tarqalishiga qarshi kurashish, sogʻliqni saqlash sohasiga xarajatlarni oshirish, aholi va biznesni qoʻllab-quvvatlash borasida Siz tomondan koʻrilgan tezkor chora-tadbirlar inqiroz taʼsirini yumshatishga xizmat qiladi.
Xalqaro valyuta fondining Ijroiya kengashi joriy haftada ushbu gʻoyat mushkul vaziyatda Oʻzbekistonga moliyaviy koʻmak taqdim etishni maʼqullaganidan mamnunman. Ushbu yordam Jahon banki guruhi va Osiyo taraqqiyot bankining koʻmagi bilan birgalikda bugungi sharoitda yuzaga kelgan moliyaviy ehtiyojlarni qondirish imkonini beradi.
Bugungi kunda Sizning butun saʼy-harakatingiz, tabiiyki, koronavirus oqibatlarini yengib oʻtishga qaratilgan. Ayni paytda, shunga qaramay, Oʻzbekistonda faol va ochiq bozor iqtisodiyotini shakllantirish boʻyicha oʻrta muddatli maqsadlarga erishish yoʻlidagi islohotlaringizni davom ettirayotganingiz meni ruhlantiradi.
Keyingi uch yil davomida Sizning rahbarligingizda Oʻzbekiston miqyosi keng, shu jumladan savdoni, narx shakllanishi va valyuta ayirboshlash kursini liberallashtirish, davlat moliyasi va uni boshqarishdagi salohiyatni mustahkamlash, moliya sektori va ishbilarmonlik muhitini isloh qilish boʻyicha misli koʻrilmagan yangilanishlarni boshladi.
Ushbu islohotlar Oʻzbekistonning mintaqaviy va global iqtisodiyotga yana-da integratsiyalashuviga, yana-da yuksak, barqaror va inklyuziv taraqqiyotga erishishiga xizmat qiladi.
Bugungi sharoitda islohotlarni amalga oshirish yoʻlida mavjud barcha xatarlarga qaramay, Siz iqtisodiyotni transformatsiya qilish boʻyicha siyosatingizni qatʼiy davom ettirishingizga ishonaman.
Shu munosabat bilan ishontirib aytamanki, keyingi yillarda Oʻzbekiston va XVF oʻrtasida erishilgan yuqori darajadagi hamkorlikka tayangan holda, zarur maslahat va texnik koʻmakni taqdim etish, mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha taʼlim dasturlarini amalga oshirish hamda moliyaviy yordam orqali Oʻzbekistonni qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishga tayyormiz.
Men Jahon bankining ijrochi direktori boʻlgan davrdagi hamkorligimizni va shu asnoda Toshkentga tashrifimni iliqlik bilan eslayman. Mening bugungi kundagi vazifamda ham yaqindan hamkorlik qilishimizga umid qilaman.
Eng ezgu tilaklar ila,
Kristalina Georgiyeva,
 
Xalqaro valyuta fondi boshqaruvchi direktori

 

O’zA