Shavkat Mirziyoyev: Uylar davlat tomonidan bepul qurib-taʼmirlab beriladi

Sardoba tumanida mahalliy aholi vakillari bilan uchrashuv boʻldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev suv omborida yuz bergan texnogen avariya juda katta sinov boʻlganini, Hukumat komissiyasi tashkil etilib, toshqin oqibatlarini bartaraf etishga barcha kuch va imkoniyatlar safarbar qilinganini yana bir bor qayd etdi.

– Bu ishlarni tashkil etish va Sirdaryo xalqidan xabar olish uchun bugun toʻrtinchi marta sizlarning oldingizga keldim. Har soat, har daqiqa bu yerdagi ishlar holatini surishtirib turibman, telefon orqali hisobot olyapman, – dedi davlatimiz rahbari.

Aholining turmush sharoitlarini tiklash asosiy vazifa ekani, zararlangan uylarni taʼmirlash hamda yangi turar joylar qurish boʻyicha ishlar boshlab yuborilgani taʼkidlandi.

– Taʼmirlanadigan uylar ham, yangi quriladiganlari ham davlat tomonidan bepul qurib-taʼmirlab beriladi. Odamlar yangi koʻp qavatli uylarga va oʻzlarining taʼmirlangan hovli-joylariga 1-sentyabrgacha toʻliq koʻchib oʻtishi mumkin boʻladi. Shu bilan birga, uylari zararlangan odamlarning ilgarigi hovlilari ham oʻzlarida qoladi, – dedi Prezident.

Suv toshqinidan zarar koʻrgan 4,5 mingdan ziyod xonadon egalarining har biriga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentidan 40 million soʻmlik moddiy yordam, shuningdek, televizor, muzlatgich, kir yuvish mashinasi, minipech, elektr choynak va dazmol kabi maishiy texnikalardan iborat sovgʻalar topshirilmoqda.

Vatandoshimiz Alisher Usmonov ajratgan 10 million dollar xayriya mablagʻi ham shunga yoʻnaltirilgan. Sirdaryo viloyatiga koʻmak uchun hokimliklar, vazirlik va idoralar, xoʻjalik birlashmalari hamda tadbirkorlar ham yordam koʻrsatgan.

Uchrashuvda qatnashgan sardobaliklarga tegishli sertifikat va bank kartochkalari tarqatildi.

 

O’zA