Aziz vatandoshlar!
Muhtaram otaxon va onaxonlar, munis opa-singillar, qadrli aka-ukalar!
Xalqimizning kelajagi, ishonchi va tayanchi boʻlgan navqiron yoshlar!
Avvalambor, barchangizni, koʻp millatli butun xalqimizni jonajon Oʻzbekistonimizga kirib kelgan Navroʻzi olam bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, yuksak hurmat va ehtiromimni, eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Hurmatli doʻstlar!
Hammamiz yaxshi bilamiz, Navroʻz tinchlikni, sihat-salomatlikni qadrlab, asrab-avaylab yashashga daʼvat etadi.
Tinchlik va sogʻliqni asrasak, qolgan narsalarga albatta erishamiz. Lekin hozirgi global dunyoda bu juda murakkab vazifa boʻlib qolayotganini barchamiz koʻrib-bilib turibmiz.
“Yil yilga oʻxshamaydi”, degan gap bejiz aytilmagan. Hayot hech qachon bir tekis kechmaydi. Hayot bor ekan, sinov bor, qiyinchilik bor.
Bu haqiqatni shu kunlarda yana-da chuqur his etmoqdamiz. Bugun koronavirus infeksiyasi degan jiddiy bir xavfga duch keldik. Davlatimiz, hukumatimiz bu xatarni tezroq bartaraf etish uchun barcha zarur choralarni koʻrmoqda.
Goʻzal diyorimizda yashayotgan, millati, tili va dinidan qatʼi nazar, barcha yurtdoshlarimiz yana-da jipslashib, har tomonlama tartib-intizomni saqlagan holda, yuksak onglilik va masʼuliyat koʻrsatib, moʻtabar keksalarimizning duoi fotihalari bilan bu sinovdan eson-omon oʻtamiz, deb ishonaman.
Vujudga kelgan murakkab sharoitni hisobga olib, bu yilgi Navroʻz bayramida ommaviy tadbirlar oʻtkazishni toʻxtatdik.
Fursatdan foydalanib, vaziyatni toʻgʻri tushunib, koʻrilayotgan chora-tadbirlarni qoʻllab-quvvatlayotgani uchun xalqimizga yana bir bor rahmat aytaman.
Nasib etsa, tez orada bu tashvishli kunlar ortda qoladi. Bunday sayil-tomoshalarni, toʻyu tantanalarni el-yurtimiz bilan birgalikda hali koʻp-koʻp oʻtkazamiz.
Aziz va qadrli vatandoshlarim!
Mavjud qiyinchilik va sinovlarga qaramasdan, hayot davom etadi. Bu yil Navroʻz ayyomi xonadonlarda, oilaviy davralarda keng nishonlanmoqda.
Bugun mirishkor dehqon va fermerlarimiz katta umid bilan yerga urugʻ qadamoqda. Hudud va mintaqalarimizda “Daraxt ekib, bogʻ yaratamiz, yurtimizni yana-da obod qilamiz”, degan ezgu maqsadda millionlab koʻchatlar ekilmoqda.
Mana shu xosiyatli kunda barchamiz yilimiz qutlugʻ kelsin, dehqonlarimizning baxtini, omadini bersin, hosilimiz moʻl boʻlsin, deb niyat qilamiz.
Uzoq-yaqindagi mamlakatlar xalqlarini, Oʻzbekistonning barcha xorijiy doʻst va hamkorlarini sharqona yangi yil – Navroʻz ayyomi bilan qutlab, ularga samimiy istaklarimizni izhor etamiz.
Aziz va qadrli vatandoshlarim!
Ilohim, dilimizdagi barcha olijanob orzu-intilishlarimiz roʻyobga chiqsin!
Yurtimiz tinch, xalqimiz omon boʻlsin!
Yaratganning oʻzi hammamizni panohida asrasin!
Navroʻzi olam barchamizga muborak boʻlsin!
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti