Prezident koronavirus bilan bogʻliq vaziyat boʻyicha xalqqa murojaat qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-mart kuni mahalla va oila masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishining boshida koronavirus muammosiga toʻxtalib oʻtdi.

Bugungi kunga kelib ushbu xavfli infeksiya 160 dan ortiq mamlakatda tarqaldi. Dunyo miqyosida kasallanganlar soni 190 ming nafarga yetdi, 7,5 ming oʻlim holati qayd etildi, 81 mingdan ziyod bemor tuzaldi. Epidemiya keng yoyilib ketgani sababli Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti uni pandemiya deb eʼlon qildi.

Ming afsuski, bu yuqumli xastalik mamlakatimizni ham chetlab oʻtmadi. Bugungi kunda yurtmizda unga chalingan bemorlar soni 15 nafarga yetdi.

Bu vaziyat oldindan toʻgʻri baholanib, Prezidentimiz topshirigʻiga muvofiq Respublika maxsus komissiyasi tuzilgan edi. Shu bois Oʻzbekistonga kasallikning ommaviy kirib kelishi va keng tarqalishining oldi olindi.

Hozirda 6 mingga yaqin kishi karantinga olingan. Odamlar gavjum joylarda ommaviy tadbirlar cheklangan. 16-martdan boshlab barcha taʼlim dargohlarida taʼtil eʼlon qilindi. 80 ming talaba markazlashgan holda uylariga joʻnatildi.

Har bir hududda hokimlar rahbarligida maxsus shtablar tashkil etilgan. Epidemiologik vaziyat boʻyicha har soatlik va kunlik maʼlumot tahlil qilinib, tezkor choralar koʻrilmoqda.

Tibbiyot muassasalari favqulodda ish rejimiga oʻtkazildi. Sihatgoh va oromgohlar karantin muassasalari sifatida moslashtirildi. Tibbiyot maskanlari dori-darmon, himoya va diagnostika vositalari bilan yetarli darajada taʼminlandi. Buning uchun byudjetdan zarur mablagʻlar ajratildi.

Xorijdagi yurtdoshlarimiz charter aviareyslari orqali Vatanimizga qaytarilmoqda. Chegaralarda harakat cheklandi, ammo transportda yuk tashish toʻxtatilgani yoʻq. Mamlakatimizga koʻplab xorijiy va mahalliy yuk tashuvchilar kirmoqda hamda chiqib ketmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev vaziyat toʻliq nazorat ostida ekanini alohida taʼkidlab, xalqimizga murojaat qildi.

– Bu hayotning koʻp ogʻir sinovlarini va yaxshi-yomon kunlarini boshidan kechirgan xalqimiz hammasini toʻgʻri tushunib, masalaga ongli yondashmoqda. Muftiyat rahbarligida diniy ulamolar yurtimizga tinchlik-xotirjamlik, bemorlarga shifo tilab, duoi fotihalar qilishmoqda. Millati, tili va dinidan qatʼi nazar, hammamiz yakdilmiz va, ishonamizki, bu qiyinchiliklar, albatta, oʻtib ketadi.

Buning uchun birinchi navbatda shifokorlar tavsiyalariga amal qilib, shaxsiy gigiyena va sanitariya qoidalariga har birimiz oʻz oilamiz, bolalarimiz bilan uyimizda, ishxonamizda va boradigan joylarimizda qatʼiy amal qilishimiz zarur. Kasallikni yashirmasdan, oʻz vaqtida murojaat qilish uning oldini olishda eng samarali choradir.

Ikkinchidan, oziq-ovqat va boshqa kundalik isteʼmol mahsulotlarining narxi oshib ketmasligi uchun barcha choralar koʻrilmoqda. Davlat soliq qoʻmitasi, Bosh prokuratura huzuridagi departament bu boradagi ishlarni kuchaytirishi kerak.

Mamlakatimizda yetarli darajada zaxira mavjud, xavotir yoki vahimaga tushishga hech qanday asos yoʻq. Ammo koʻpga kelgan bu baloga qarshi hammamiz birgalikda, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishimiz lozim.

Barcha davlat tuzilmalari va nodavlat tashkilotlar, muhtaram nuroniylarimiz, mahalla va xotin-qizlar, yoshlar birlashmalari faollari ommaviy axborot vositalari orqali xolis va haqqoniy, keng tushuntirish ishlarini kuchaytirishiga ishonaman.

Uchinchidan, majburiy taʼtil paytida farzandlarimiz oʻquv mashgʻulotlarini davom ettirishlari uchun Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda videodarslar turkumi yoʻlga qoʻyildi.

Teleradiokanallarimiz yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish uchun tariximiz, boy madaniyatimizga oid koʻrsatuv va eshittirishlar, yoshlarimiz uchun foydali va qiziqarli badiiy dasturlar, kinofilmlarni koʻpaytirishi lozim.

Hurmatli ota-onalarimiz oʻz farzandlarini jahon va milliy adabiyotimizning eng yorqin namunalari bilan tanishtirishga harakat qilsalar ayni muddao boʻlardi.

Yana bir muhim masalaga eʼtiboringizni qaratmoqchiman. Hozirgi vaziyatda ayrim masʼuliyatsiz, haqiqiy holatdan bexabar va oʻzini “piar qilish”ni yaxshi koʻradigan odamlar turli mish-mish va uydirmalarni tarqatishga urinadi.

Shu munosabat bilan jamoatchiligimizdan iltimos qilaman: sarosima yoki vahima kayfiyatiga berilmaslik kerak. Matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda notoʻgʻri, asoslanmagan maʼlumotlarni tarqatishga yoʻl qoʻymasligimiz zarur. Bu masalani huquq-tartibot idoralari ham alohida nazoratga olishi lozim.

Aziz vatandoshlar!

Koronavirus pandemiyasining butun dunyo mamlakatlari qatori bizning ham iqtisodiyotimizga salbiy taʼsiri boʻlishi tabiiy.

Soʻnggi ikki haftada jahon bozorida neftning narxi (bir barrel 60 dollardan qariyb 30 dollarga) keskin pasayib ketgani oqibatida gaz eksportimiz tushumlari qisqarishi mumkin.

Xorijdagi asosiy savdo hamkorlarimizning milliy valyutalari qadrsizlanishi respublikamizga ham, albatta, valyuta tushumini kamaytiradi.

Xorijiy turistlar soni va tushum miqdori kamayishi mumkin. Bular, tabiiyki, yalpi ichki mahsulot va eksport hajmiga taʼsir qilmasdan qolmaydi.

Mening topshirigʻimga muvofiq, Maxsus ishchi guruh turizm, transport, farmatsevtika va yengil sanoat kabi sohalarga soliq taʼtillari berish, kreditlarni qaytarish muddatini kechiktirish, kechiktirilgan tashqi qarzdorlik uchun jarima qoʻllamaslik tartibini joriy qilish choralarini koʻrmoqda.

Hukumat qiyin ahvolga tushishi mumkin boʻlgan soha va tarmoqlarni, yirik korxonalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha alohida chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqib, amalga oshirishi zarur.

Bu jarayonda, avvalo, moliya va xomashyo bozorida beqarorlik yuzaga kelishiga yoʻl qoʻymaslik lozim.

Ikkinchidan, moliyaviy barqarorlikni saqlash hamda bozorlarda narx-navoning oʻsishini oldini olish zarur.

Uchinchidan, iqtisodiyotimizning bazaviy va hal qiluvchi tarmoqlari uzluksiz ishlashini saqlab qolish kerak.

Buning uchun har bir tarmoq, korxona va hudud kesimida manzilli va aniq tadbirlarni amalga oshirish lozim boʻladi.

Toʻrtinchidan, markazdan hududiy byudjetlarni va aholimizni qoʻllab-quvvatlash asosiy vazifalarimiz boʻlishi shart.

Butun xalqimiz aniq bilishi kerak: biz koronavirusga qarshi kurash faoliyatini oshkoralik tamoyillari asosida olib boryapmiz.

Jahon jamoatchiligini ham, xalqimizni ham vaqtida xabardor etib boryapmiz. Kerakli choralarni yana-da kuchaytiramiz.

Bugun men ikki qoʻshni davlat – Qozogʻiston va Turkmaniston rahbarlari Qasim-Jomart Toqayev hamda Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qilib, bu boradagi oʻzaro hamkorlik, bir-birimizni qoʻllab-quvvatlash borasidagi barcha masalalarni kelishib oldik.

Koʻpni koʻrgan xalqimiz yana-da jipslashib, ahil va hamjihat boʻlib, bu murakkab sinovlarni ham yengib oʻtadi, deb ishonaman.

Yana bir muhim masalaga barcha mutasaddilarning eʼtiborini qaratmoqchiman.

Soʻnggi yillarda sanitariya-epidemiologiya masalasiga jiddiy ahamiyat bermoqdamiz. Hozirda yurtimizda 2 ta respublika darajasidagi shifoxona, 14 ta viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonalari, 216 ta hududiy sanitariya-epidemiologiya muassasalari faoliyat koʻrsatmoqda.

Biroq, keyingi 25 yil davomida umuman eʼtibor bermaganimiz uchun aksariyatining moddiy-texnik bazasi, ayniqsa, laboratoriyasi, tibbiy anjom va jihozlari achinarli holatga kelib qolgani ham ayni haqiqatdir.

Shu sababli, bugungi kunda respublika sanitariya-epidemiologiya xizmatini tubdan isloh qilish va faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha ishchi guruh tomonidan alohida qaror loyihasi tayyorlanmoqda.

Mazkur xizmatning asosiy faoliyati tibbiy va sanitar barqarorlik, jamoat salomatligini taʼminlash, kasalliklar profilaktikasi va sogʻlom turmush tarzini tashkil etishga qaratiladi.

Buning uchun viloyat hokimlari joylardagi sanitariya-epidemiologiya muassasalarini birma-bir aylanib, laboratoriya-diagnostika, tibbiy vosita va jihozlar bilan taʼminlanganlik darajasi, kadrlar salohiyati, oylik maoshi kabi muammolarni chuqur oʻrganishi zarur.

Ichki moliyaviy imkoniyatlar asosida ularni yil oxiriga qadar bartaraf etish, zaxiralar shakllantirish boʻyicha alohida dasturlar ishlab chiqib, bajarish lozim.

Bosh vazir respublika darajasidagi va Toshkent shahridagi muassasalarni birma-bir joyiga chiqib oʻrganish va zarur chora-tadbirlar qabul qilinishi hamda ijrosi uchun shaxsan masʼul boʻladi.

Asosiy masala – moddiy-texnik bazani mustahkamlash, kadrlarni oʻqitish, ilm-fanni rivojlantirish, aholi salomatligi uchun mablagʻni ayamasligimiz zarur.

 

O’zA