Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga ilgari kelganida Urganch shahrida Jaloliddin Manguberdi memorial bogʻi tashkil etish boʻyicha koʻrsatma bergan edi. Shunga muvofiq loyiha taklifi tayyorlanib, bu galgi tashrif chogʻida namoyish qilindi.
Davlatimiz rahbari haykalning xomaki nusxasini, uning atrofdan koʻrinishini sinchiklab koʻrdi. Mazkur yodgorlik mahobatli boʻlishi, uzoqdan ham yaqqol koʻzga tashlanib turishi zarurligini taʼkidladi.
Bogʻ uchun moʻljallanayotgan maydon mutasaddilar bilan muhokama qilindi.
– Jaloliddin Manguberdi – buyuk sarkarda bobomiz, millatimizning faxru gʻururi. Unga bagʻishlangan maydon shunga yarasha katta, mazmunli boʻlishi kerak. Bogʻ boʻylab Manguberdining ozodlik uchun kurashi, janglari haqida lavhlar oʻrnatilishi zarur. Bu yerga kelgan odam faqat haykalni koʻrmay, oʻziga bilim, kuch-qudrat olsin, turistlar tariximizni oʻrgansin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Loyihani qaytadan puxta ishlab chiqish, transport harakati uchun qulayliklarni inobatga olish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Davlatimiz rahbarining Xorazm viloyatiga safari yakunlandi.