Shavkat Mirziyoyev YEXHT Parlament assambleyasi raisini qabul qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-dekabr kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasi (YEXHT PA) raisi Georgiy Seretelini qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mamlakatimiz 2018-yilda ushbu organdagi ishtirokini qayta tiklaganidan buyon oʻzaro munosabatlar sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarilgani va ijobiy surʼat bilan rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Bugungi kunda 2019-2020-yillarda YEXHT Parlament assambleyasi bilan hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” amalga oshirilmoqda.

Tuzilmaning 50 nafarga yaqin vakillaridan iborat delegatsiya ilk marta Oʻzbekistondagi saylovlarni kuzatishda ishtirok etayotgani qayd etildi.

Georgiy Sereteli Prezident Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul hamda birlashma bilan hamkorlik faollashgani uchun minnatdorlik bildirdi.

YEXHT PA raisi Oʻzbekistonning assambleyadagi ishtiroki YEXHTga aʼzo davlatlar qonun chiqaruvchi organlari bilan aloqalarni mustahkamlash doirasida mamlakatning manfaatlarini ilgari surishda yangi imkoniyatlar ochganini taʼkidladi.

Mehmonning fikricha, boʻlib oʻtgan saylovlar Oʻzbekiston uchun tarixiy ahamiyatga ega, chunki ular keng miqyosli islohotlar davrida, YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosining tavsiyalarini ham hisobga olib ishlab chiqilgan yangi Saylov kodeksi asosida oʻtdi.

Uchrashuv soʻngida YEXHTning Oʻzbekistondagi saylovlarni kuzatish boʻyicha uzoq va qisqa muddatli missiyalarining faoliyatiga qulay sharoitlar yaratilgani uchun minnatdorlik bildirildi.

 

O’zA