Prezident Shavkat Mirziyoyev saylovda ovoz berdi

Bugun, 22-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va xalq deputatlari Kengashlariga saylovlar boʻlib oʻtmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oila aʼzolari bilan birgalikda Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 162-saylov uchastkasiga tashrif buyurib, ovoz berishda ishtirok etdi.

Mamlakatimiz Konstitutsiyasining 117-moddasida fuqarolar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga ega ekani belgilangan. Ovoz berish huquqi, oʻz xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlangan.

Saylovda beshta – “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Xalq demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasi, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi hamda Ekologik partiya ishtirok etmoqda.

Bu muhim ijtimoiy-siyosiy voqea “Yangi Oʻzbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida, fuqarolarning siyosiy faolligi ortgan sharoitda hamda yangi saylov qonunchiligiga muvofiq oʻtmoqda.

Oʻzbekiston tarixida ilk bor yagona Saylov kodeksi qabul qilindi. Saylovga oid 21 ta qonun tizimlashtirildi. Saylovchilarning yagona elektron roʻyxati joriy etildi. Kvota belgilash instituti bekor qilindi. Beshta siyosiy partiyaga, shu jumladan, yangi Oʻzbekiston ekologik partiyasiga sogʻlom raqobat qilishlari uchun teng shart-sharoitlar yaratildi. Siyosiy partiyalarning saylovoldi ochiq munozaralari jonli efirda yoritildi. Ularda jamiyatimizni oʻylantirayotgan oʻtkir masalalar muhokama qilindi.

Oxirgi yillardagi ochiqlik, demokratik burilishlar natijasida jamiyatimiz ham oʻzgardi. Bu saylov jarayonida ham yaqqol namoyon boʻlmoqda. Fuqarolar ishonch va mamlakat taqdiriga daxldorlik hissi bilan saylov uchastkalariga kelib, kelajak uchun ovoz bermoqda.

Davlatimiz rahbari 162-saylov uchastkasiga kelgan odamlar bilan suhbatlashdi, birgalikda suratlarga tushdi. Birinchi marta ovoz bergan yoshlar, ota-onasi bilan kelgan bolalarning oʻqishlariga rivoj tiladi.

Nuroniylar mamlakatimizga tinchlik-farovonlik, Prezidentimizga sogʻlik-omonlik tilab duolar qildi.

Barcha saylov uchastkalarida qonunchiligimizda belgilangan sharoitlar yaratilgan. Joylarda 6 ming 720 ta okrug va 10 ming 315 ta, jumladan, 38 mamlakatda 55 saylov uchastkasi tashkil etildi. Bundan tashqari, ozodlikdan mahrum etish joylarida jazoni oʻtayotgan oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etmagan shaxslar ham saylovda ishtirok etish huquqiga ega boʻldi.

Saylov jarayonini kuzatishda MDH, SHHT, YETTB, Xalqaro xususiy huquq boʻyicha Gaaga konferensiyasi, Turkiy kengash, TurkPA, shuningdek, YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining toʻlaqonli missiyasi tarkibida 700 nafardan ziyod xorijiy va xalqaro kuzatuvchilar ishtirok etmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev xorijiy kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ham muloqot qildi. Ular saylovlar ochiq, yuksak saviyada oʻtayotganini, aholining ijtimoiy-siyosiy faolligi oshganini taʼkidlashdi.

 

O’zA