Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-noyabr kuni Tatariston Respublikasi Prezidenti Rustam Minnixanov boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasini qabul qildi.
Uchrashuvda Rossiya Federatsiyasi subyektlari orasida mamlakatimiz hududlari uchun yetakchi hamkorlardan biri boʻlgan Tatariston bilan aloqalarning bugungi bosqichidagi dolzarb masalalar va amaliy sheriklikni rivojlantirish istiqbollari koʻrib chiqildi.
Oʻzaro ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yilda Tatariston poytaxti Qozon shahrida Oʻzbekistonning bosh konsulligi ochildi.
Rossiyaning ushbu hududi bilan oʻzaro savdo hajmi ortmoqda. Mashinasozlik, neft-gaz, kimyo va boshqa tarmoqlarda qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash, tovar ayirboshlashni koʻpaytirish, kooperatsiyani kuchaytirish hamda qishloq xoʻjaligi, elektrotexnika va farmatsevtika tarmoqlari, axborot texnologiyalari, uy-joy kommunal xoʻjalik, sogʻliqni saqlash va taʼlim sohalarida amaliy loyihalarni ilgari surish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv soʻngida 2020-yilga moʻljallangan “yoʻl xaritasi”ni qabul qilish va sheriklikni kengaytirish boʻyicha ikki tomonlama ishchi guruhining muntazam uchrashuvlarini oʻtkazishga kelishib olindi.