Oʻzbekiston Prezidenti Italiya delegatsiyasini qabul qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-noyabr kuni mamlakatimizda tashrif bilan boʻlib turgan Italiyaning Lombardiya viloyati gubernatori Attilio Fontana boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston va Italiya oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarni kengaytirish, jumladan, Italiya va Yevropa Ittifoqining yetakchi industrial, intellektual va madaniy markazlaridan biri boʻlmish Lombardiya bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirishning istiqbollari koʻrib chiqildi.

Faol ishbilarmonlik aloqalari va oʻzaro almashinuvlarni yoʻlga qoʻyish, Italiyaning kompaniya va tashkilotlari bilan savdo, investitsiyalar, sanoat texnologiyalari, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash va turizm sohalarida qoʻshma dastur va loyihalarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Lombardiyaning taniqli universitetlari bilan yuqori malakali, avvalo, muhandislik ixtisosliklari boʻyicha mutaxassislar tayyorlash borasidagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi.

Oliy darajadagi ikki tomonlama tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish doirasida mamlakatimiz va Italiyaning ushbu hududi oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.

 

OʻzА