Poytaxtimizda jahon ilm-fani rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan faol va izlanuvchan olimlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi va AQShning «Clarivate Analytics» kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda vazirlik va idoralar, oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari, ilmiy xodimlar, professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar qatnashdi.
O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi bosh direktori M.Boltaboyev va boshqalar mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va modernizatsiya qilish, ilg‘or texnologiyalarni keng tatbiq etish, olimlarning mehnatini munosib rag‘batlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga asosan, AQShning «Clarivate Analytics» kompaniyasining “Web of Science” xalqaro ilmiy-tahliliy elektron ma’lumotlar bazasiga joriy yilning 1-iyulidan mamlakatimiz ham obuna bo‘ldi. «Clarivate Analytcs» kompaniyasi turli davlatlarda yilning eng yaxshi fan yetakchilarini aniqlash maqsadida tanlov e’lon qilib, eng yaxshi natijalarga erishgan, “Web of Science” xalqaro bazasiga maqolalari kiritilgan olimlarni rag‘batlantirib keladi.
Taqdirlash marosimida birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan olimlar moddiy rag‘batlantirildi. “Eng yaxshi ayol tadqiqotchi”, “Eng yaxshi yosh olim”, “Eng yaxshi ilmiy jurnal”, “Eng yaxshi oliy ta’lim muassasasi”, “Eng yaxshi ilmiy-tadqiqot muassasasi” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.
– Bugungi tadbir ham yurtimizda biz, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir namunasidir, – deydi A.Abdujabborov. – Bizga yaratilgan cheksiz imkoniyatlar nafaqat mamlakatimizda, balki, butun dunyoda ilmiy salohiyatimizni namoyon etishimizga zamin yaratmoqda. Bizga bildirilgan ishonchni oqlab, kelajakda astrofizika sohasi bo‘yicha ajdodlarimizga munosib izdosh bo‘lishga harakat qilamiz.