Seul, 24-noyabr. O‘zA maxsus muxbiri Abu Bakir O‘rozov xabar qiladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi poytaxti meriyasiga tashrif buyurdi. Davlatimiz rahbarini Seul shahri meri Pak Von Sun kutib oldi.

Shavkat Mirziyoyev faxriy mehmonlar kitobiga o‘zining tilaklarini yozib qoldirdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Janubiy Koreyani do‘stlik rishtalari, o‘zaro manfaatli hamkorlik va strategik sheriklik munosabatlari mustahkam bog‘lab turgani alohida ta’kidlandi.

O‘zbekistonda Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari va banklari ishtirokida iqtisodiyotimizning turli tarmoqlarida o‘nlab yirik loyihalar amalga oshirildi va amalga oshirilmoqda. Rasmiy Seul mamlakatimizda sanoat va infratuzilmani diversifikatsiya va modernizatsiya qilishga doir ustuvor dasturlarni amalga oshirishda an’anaviy yetakchi investitsion va texnologik sherik hisoblanadi.

Joriy yil 3 iyul kuni Seul shahri meri Pak Von Sun Toshkentda davlatimiz rahbari qabulida bo‘lib, birodarlashgan shaharlar – Toshkent va Seul o‘rtasida amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan edi.

Bugungi uchrashuvda zamonaviy texnologiyalar asosida shaharni boshqarish, transport tizimi va uy-joy kommunal xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha samarali tizimni tashkil etish sohasida Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribasidan foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Shaharsozlik, arxitektura va landshaft dizayni sohalarida o‘zaro faol hamkorlik qilish muhimligi qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Seul shahrining faxriy fuqarosi unvonini berishga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. Marosimda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston bilan Koreya Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari rivojlanib borayotgani, ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlari yanada mustahkamlanishida Prezident Shavkat Mirziyoyevning davlat tashrifi muhim ahamiyat kasb etayotganini qayd etdi.

Davlatimiz rahbari xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik ramzi sifatida Toshkent shahrida Seul ko‘chasini tashkil qilish taklifini bildirdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga Seul shahri faxriy fuqarosi unvoni tantanali topshirildi.