O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan ikki davlat rahbarlari bir-birlarini qutladilar.

Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevning qutlovida ushbu tarixan qisqa davrda mamlakatlarimizning o‘zaro hamkorligi borasida salmoqli natijalarga erishilgani qayd etilgan.

“Bugungi kunda Qozog‘iston va O‘zbekiston siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama va ko‘p qirrali o‘zaro aloqalarning namunaviy modelini namoyish qilgan holda, butun Markaziy Osiyo mintaqasining yanada taraqqiyotini ta’minlaydigan mustahkam poydevor yaratmoqda, deb ta’kidlanadi qutlovda. – Joriy yilda Sizning Ostona shahriga tashrifingiz va mening Toshkentga tashrifim mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shdi. Ularning natijalari munosabatlarimizni sezilarli ravishda kengaytirib, hamkorligimizning yangi ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi”.

Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi samarali strategik sheriklik asrlar davomida do‘stlik va hamjihatlikda yashab kelayotgan xalqlarimiz farovonligi yo‘lida bundan buyon ham yanada jadal rivojlanib borishiga qat’iy ishonch bildirgan.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qutlug‘ sana –diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25-yilligi munosabati bilan yo‘llagan qutlovida bunday deyiladi: “Chindan ham tarixiy ushbu muhim voqelik mamlakatlarimiz o‘rtasida do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlash, Abadiy do‘stlik va Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomalar asosida o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali hamkorlikni izchil rivojlantirishga mustahkam poydevor yaratdi”.

“Joriy yilda bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi samarali uchrashuv va muzokaralar O‘zbekiston – Qozog‘iston munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga imkon yaratdi, ularni aniq amaliy mazmun bilan boyitdi. Muvaffaqiyatli hamda samarali o‘zaro aloqalarning zamonaviy bosqichi qardosh o‘zbek va qozoq xalqlarining manfaatlariga to‘liq javob beradi, butun Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiladi”, deb qayd etiladi qutlovda.

Davlatimiz rahbari har tomonlama, jumladan, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi aloqalar bundan buyon ham faol kengayib va rivojlanib borishiga qat’iy ishonch bildirgan. “Bu mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlarini izchil mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz”, deb ta’kidlagan.

O‘zA