Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasidagi bitim bugundan kuchga kirdi

2019-yilning 2 sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi hukumati bilan Belarus Respublikasi hukumati oʻrtasida bojxona ishlarida hamkorlik va oʻzaro yordam toʻgʻrisidagi bitim kuchga kirdi.
Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Hujjat 2018-yil 13-sentyabr kuni Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning Oʻzbekistonga rasmiy tashrifi davomida imzolangan edi.
Mazkur hujjat bojxona qonunchiligi buzilishini oldini olish, surishtirish va unga qarshi kurashishda oʻzaro yordam koʻrsatish tartibini belgilaydi. Ushbu bitim doirasida ikki mamlakat bojxona organlari hududlarida amaldagi bojxona qonunchiligini buzish maqsadida foydalanilgani yoki foydalanilishi mumkinligi toʻgʻrisida maʼlumot yoki shubha mavjud boʻlgan shaxslar, tovarlar va transport vositalari toʻgʻrisida bir-birlariga maʼlumot taqdim etadilar.
Bitim ikki mamlakat bojxona organlari hamkorligini rivojlantirish va kengaytirish hamda bojxona huquqbuzarligini oldini olish sohasidagi hamkorlik boʻyicha shartnomaviy-huquqiy bazani mustahkamlashga imkon beradi.

 

OʻzA