O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining matbuot xizmati tezkor ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan haftada respublikamiz avtomobil yo‘llarida jami 223 yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan. Natijada, 216 nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olgan. 

Hafta davomida yo‘l-patrul xizmati inspektorlari tomonidan 89 mingdan ziyod qoidabuzarlik aniqlangan bo‘lib, ularning 46 ming 124 tasi qo‘pol qoidabuzarlik sifatida qayd etilgan. Jumladan, 1 ming 783 haydovchi transport vositasini mast holda boshqargani, 14 ming 373 nafari belgilangan tezlik talablarini, 1 ming 584 haydovchi svetofor va chorrahalardan o‘tish qoidasini, 13 ming 739 nafari odam tashish qoidasini buzgani, 1 ming 343 haydovchi harakat vaqtida telefondan foydalangani, 13 ming 42 haydovchi xavfsizlik kamarlarini taqmasdan harakatlangani uchun to‘xtatilgan. Ularga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Ta’kidlash joizki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 noyabr kuni mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarning bugungi kun talablariga javob bermasligi qayd etilgandi. Noxush hodisalarning oldini olish maqsadida mutasaddi rahbarlarga haydovchi va piyodalarning yo‘llarda harakatlanish madaniyatini oshirish, yo‘llarni harakat xavfsizligini ta’minlashning zamonaviy texnik vositalari bilan jihozlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

– Ayni kunlarda bu borada amaliy ishlar boshlab yuborilgan, – deydi Respublika ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Akmal Yunusov. – Jumladan, haydovchi va piyodalarning yo‘llarda harakatlanish madaniyatini oshirish maqsadida ta’lim muassasalarida, korxona va tashkilotlarda, mahallalarda soha mutaxassislari tomonidan uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda. Yo‘llarda harakatlanish qoidalarini buzgan piyodalarga nisbatan xodimlarimiz tomonidan voqea joyining o‘zida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

 

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA