Klinik oʻlim holatidagi bolani qutqargan shifokorni Sogʻliqni saqlash vaziri mukofotladi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan klinik oʻlim holatidagi bola otalaringolog-shifokor tomonidan qutqarib qolingani tasvirlangan videolavhaning aholi tomonidan eʼtirof etilishi fidoyi shifokorlarimiz mehnatiga berilgan munosib baho boʻldi. 
Mazkur jarayonda qahramonlik koʻrsatgan 41 yoshli shifokor Sergey Vladimirovich Tobias “Sogʻliqni saqlash aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanib, ushbu mukofot Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov tomonidan topshirildi.
Vazir shifokorga mukofotni topshirar ekan, xalqimiz salomatligini asrashda tibbiyot xodimlarining oʻrni nihoyatda muhimligini eʼtirof etgan holda, bunda tajribali hamda oʻz vazifasiga masʼuliyatli soha fidoyilarining xizmati katta ekanini taʼkidladi.
Oʻz navbatida Sergey Tobias soʻnggi yillarda tibbiyot rivojiga, tibbiyot xodimlarini qoʻllab-quvvatlashga davlatimiz tomonidan alohida eʼtibor qaratilayotgani sababli soha yanada rivojlanib, aholining sifatli va samarali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyati kengayib borayotganini qayd etib, bundan buyon ham bor bilim va tajribasini insonlar salomatligini asrash yoʻlida safarbar etishini taʼkidlab oʻtdi.
Eslatib oʻtamiz, Toshkent pediatriya tibbiyot institutini tamomlagan, poytaxtimizdagi xususiy shifoxonalardan birida faoliyat yuritib kelayotgan Sergey Tobias garchi reanimatolog boʻlmasa ham, kasb mahoratini namoyish etib, klinik oʻlim holatida olib kelingan 2 yoshli bola Umar Nurillayevni qutqarib qolgan.
Shundan soʻng bemor 3-son bolalar klinik shifoxonasiga tez yordam mashinasida shifokor koʻrigi ostida yuborilgan. Ushbu shifoxonada barcha davolash muolajalari amalga oshirilgan.
– Farzandimni qutqarib qolgan shifokordan judayam minnatdorman. Ota sifatida shifokorning bu fidoyiligini hech narsaga qiyoslay olmayman. Bu holat men uchun haqiqiy qahramonlik, – deydi 2 yoshli Umar Nurillayevning otasi Dilshod Razzoqov. – Ushbu jarayonda bitta shifokor timsolida minglab shifokorlarimizning ezgulikka boy faoliyatining masʼuliyatini, sharafini yanada chuqurroq his etdim.
Ikki yoshli bolani hayotga qaytarayotgan voqealar tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda minglab marotaba koʻrildi va ulashildi. Yuzlab internet foydalanuvchilari tomonidan shifokorning professional va insoniy saʼy-harakatlari uchun minnatdorlik bildirildi.
Aslida koʻp ming sonli shifokorlarimiz faoliyatida bunday holatlar tez-tez uchrab turadi. Shu bois ham ularning har bir ish kuni qahramonlikdir.
Sogʻliqni saqlash vazirligi 
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi 

 

OʻzA