1-sentyabrdan oʻzini oʻzi band qiluvchilarga – guvohnoma

Oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomasi berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi (VMning 9.07.2019-yildagi 566-son qarori).
Oʻzini oʻzi band qilganlar kim
Ular jumlasiga quyidagi jismoniy shaxslar kiradi:
● mehnat daromadi olishga yoʻnaltirilgan jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar koʻrsatish, ishlarni bajarish boʻyicha shaxsiy mehnati bilan ishtirok etishga asoslangan faoliyatni mustaqil amalga oshiradigan;
● yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatga olinmagan;
● oʻz faoliyatida yollanma xodimlar mehnatidan foydalanmaydigan jismoniy shaxslar.
Yakka tartibdagi tadbirkorlardan tashqari, hunarmandchilik faoliyati subyektlari va dehqon xoʻjaliklari aʼzolari oʻzini oʻzi band qiluvchilar deb hisoblanmaydi.
Vaqtinchalik mehnat guvohnomalari 24 ta faoliyat turi boʻyicha beriladi (Roʻyxat, 566-son VMQga 3-ilova). Ayrim bandlari baʼzi cheklovlar bilan Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari roʻyxatiga (7.01.2011-yildagi 6-son VMQga 1-ilova) mos keladi. Masalan, oʻzini oʻzi band qilish maqomida repetitorlik qilish, mebel yigʻish va taʼmirlash bilan shugʻullanish mumkin, lekin faqat uyda.
Guvohnomada koʻrsatilganlardan tashqari oʻzini oʻzi band qiluvchi hujjatning amal qilish davrida 566-son Roʻyxatdagi istalgan boshqa faoliyat bilan shugʻullanishi mumkin.
Guvohnoma nima beradi
Birinchidan, soliq imtiyozlari:
● oʻzini oʻzi band qilish sifatida mehnat faoliyatini amalga oshirish natijasida olingan daromadlarga JSHDS solinmaydi;
● tashkilotlar jalb qiladigan koʻrsatilgan fuqarolar mehnatiga haq toʻlash YAIT hisoblab chiqarish obyekti hisoblanmaydi.
Ikkinchidan, mehnat faoliyati haqiqatda bajarilgan yoki bajarilmaganligidan qatʼiy nazar guvohnomada koʻrsatilgan davr yoshga doir, nogironlik va boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini hisoblash uchun qabul qilinadigan ish stajiga hisoblanadi.
Uchinchidan, kamida 6 oy amal qiladigan muddatga mehnat guvohnomasini rasmiylashtirgan oʻzini oʻzi band qiluvchi mehnat organi tavsiyasiga koʻra oʻz faoliyat turi uchun imtiyozli mikrokreditlar olishi mumkin.
Toʻrtinchidan, oʻzini oʻzi band qiluvchilarga (3 oygacha davom etadigan) qisqa muddatli kasbga oʻqitish, qayta oʻqitish va malaka oshirish, shuningdek, tadbirkorlik koʻnikmalarini oʻrgatish kurslarida bepul oʻqitish kafolatlanadi.
Beshinchidan, oʻzini oʻzi band qilganlarga mehnat qurollarini (motokultivatorlar, oʻt oʻrish oʻroqmashinalari, perforatorlar, payvandlash apparatlari va hokazo), shaxsiy himoya vositalari va ish kiyimini imtiyozli asosda ijaraga berish punktlari ochiladi.
Guvohnoma qanday olinadi
Arizani doimiy yashash joyidan qatʼiy nazar (eksterritoriallik prinsipi boʻyicha) mehnat organiga berish zarur. Buni shaxsan taqdim etish, vakil orqali, buyurtma xat bilan yoxud elektron shaklda maxsus onlayn-maydoncha orqali amalga oshirish mumkin. Arizaga 3×4 oʻlchamli 1 ta fotosurat va toʻlov toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi.
Toʻlov miqdori hujjat beriladigan muddatga bogʻliq va bazaviy hisoblash miqdoriga karrali hisoblanadi:
● 1 oyga – 0,5;
● 3 oyga – 1,4;
● 6 oyga – 2,6;
● 9 oyga – 3,7;
● 12 oyga – 4,5.
Amal qilish muddati tamom boʻlgunga qadar yangi guvohnoma olish uchun takroran murojaat qilish mumkin, bunday takroriy murojaatlar soni cheklanmagan.
Oleg Zamanov, “Norma” MCHJ eksperti.
Manba: “Soliq va bojxona xabarlari” gazetasi.

 

OʻzA