Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida O‘zbekiston xalq artisti, «Fidokorona xizmatlari uchun» va «Do‘stlik» ordenlari sohibi, taniqli jurnalist Galina Melnikova bilan jurnalistika fakulteti talabalarining uchrashuvi va mahorat darsi tashkil etildi.

Uchrashuvda universitet rektori A.Marahimov va boshqalar mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sohasini rivojlantirish, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni o‘z kasbining yetuk mutaxassisi qilib tarbiyalash borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Mazkur vazifalarni yanada takomillashtirish uchun universitetda tahsil olayotgan talaba-yoshlarning taniqli jurnalist, siyosatchi, iqtisodchi, tarixchi va ijodkorlar bilan uchrashuvlari hamda mahorat darslari yo‘lga qo‘yilgan.

Bu galgi mahorat darsida talabalar taniqli suxandon Galina Melnikovaning hayoti va ijodi, kasbga oid mahorati bilan tanishdi, kasb etikasi va madaniyati haqida fikr almashdi.

– Galina Melnikovaning mahorati biz, yoshlar uchun har tomonlama o‘rnakdir, – deydi universitet jurnalistika fakulteti talabasi Muslima Omonqulova. – Ustoz ijodkordan mahorat darsini olganimiz, uning boy hayotiy va ijodiy tajribasi bilan tanishganimiz kelajakda o‘z kasbimizning sir-asrorini puxta egallashimizga yordam beradi.

Tadbirda jurnalist kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshrish tizimini takomillashtirish, o‘quv jarayonini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan boyitish, talabalarning amaliy bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish, “ustoz-shogird” an’anasini rivojlantirish masalalari hususida fikr almashildi.

 

Gulnoza Boboyeva, O‘zA