Tuman hokimi “yerni ijaraga topshirish haqida ariza yoz” deganda nima qilasiz?

Shu kunlarda viloyatlarimizda fermerlarni tashvishi ortib qoldi. Chunki, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 yanvarda qabul qilingan “Fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalari yer maydonlarini maqbullashtirish hamda qishloq xoʻjaligi ekin yerlardan samarali foydalanishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra joylarda maqbullashtirish ishlari boshlandi.
Sabab esa bir nechta. Misol uchun, yerlarni noqonuniy ajratish, ulardan xoʻjasizlarcha foydalanish, shaxsiy manfaati yoʻlida yakka tartibda uy-joy yoki boshqa bino-inshootlar qurib olish holatlari, yer maydonini oʻzboshimchalik bilan egallash kabilar holatlar kuzatilmoqda.
Mahsulot ishlab chiqarish hajmlarini koʻpaytirish, fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalarining moliyaviy va iqtisodiy holatini yanada yaxshilash maqsadida qabul qilgan bu qarorning ijrosini taʼminlash uchun tuzilgan ishchi guruhi faoliyat yuritmoqda.
Shunday boʻlsa-da joylarda yuz berayotgan ayrim tushunmovchiliklar tufayli toʻxtovsiz murojaatlar va savollar kelib tushmoqda. Ularning mazmuni deyarli bir xil “tuman hokimi mendan yeringni ijaraga topshirish haqida ariza yoz deyapti, nima qilayin?”.
Bunday vaqtda maqsad yer maydonlarini maqbullashtirish boʻladigan boʻlsa, fermerlar yerini zaxiraga topshirish haqida emas, balki “yer maydonlarimni qaror talabiga koʻra maqbullashtirib berishingizni soʻrayman” deb ariza yozib, tuman hokimligi huzuridagi yer berish va uni realizatsiya qilish komissiyasiga topshirishi maqsadga muvofiq boʻladi.
Fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalari faoliyati samaradorligini baholash boʻyicha oʻtkazilgan tahlillarda har bir tumanning aholi zichligi va ish bilan taʼminlanganlik darajasi, xoʻjaliklarning ixtisoslashuvi va oʻziga xos xususiyatlarini alohida hisobga olinishi qarorda mustahkamlab qoʻyilgan.
Shu oʻrinda barchamiz bilib qoʻyishimiz kerak, aholi zich joylashgan joylarda yer maydonlarini maqbullashtirish uchun qarorda koʻrsatilgan hajmlardan kam gektarlarda yaʼni 100 gektar oʻrniga 90 yoki 80 gektar qilib, suv yoʻlini, konturlar yaxlitligini inobatga olingan holda loyihalashtirish mumkin. Maqbullashtirishning bu amaliyoti eksperiment tariqasida ochiq tanlov orqali amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.
Ochiq tanlovda yer uchastkalari qayta loyihalangan fermer xoʻjaliklari yoki qishloq xoʻjaligi korxonasi rahbari ishtirok etib pul mablagʻlari, oʻziga yoki oʻzining oila aʼzolariga tegishli yaroqli qishloq xoʻjaligi texnikalari mavjudligini, yetishtirgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining eksportga yoʻnaltirganligini, yaratiladigan yangi ish oʻrinlari sonini, soʻnggi uch yil davomida mahsulot yetkazib berish boʻyicha shartnomalarning bajarilishining ahvolini batafsil koʻrsatib muhokamada qatnashishga va oshkora oʻz fikrlarini bayon etib, raqib talabgorlarining taqdim etgan maʼlumotlari bilan tanishib chiqishga ham haqli.
Agar talabgor bir gektar yer maydoni uchun paxta-gʻallachilik loyihasiga 2 ming dollar ekvivalenti miqdorida, sabzavot-gʻallachilik, bogʻdorchilik-uzumchilik, sabzavot-polizchilik loyihalariga 5 ming dollar ekvivalenti miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya kiritadigan boʻlsa va klaster korxonalariga mablagʻlar bankdagi hisobvaragʻida koʻringanidan soʻng, joriy yilda maqsadli ishlatish sharti bilan hamda tuman sektor rahbarining tavsiyasiga koʻra tanlov oʻtkazmasdan tuman hokimining qaroriga asosan yer ajratiladi. Bunda biznes rejasida koʻrsatilgan majburiyatlar bajarilmagan taqdirda, yer ijara shartnomasini tuman hokimi bir tomonlama bekor qilinishi mumkin.
Maqbullashtirishda fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalarining oxirgi uch yillik faoliyati boʻyicha tahliliy maʼlumot tayyorlanadi.
Qishloq xoʻjaligi korxonalari yer uchastkalarining hajmlari ularning faoliyat yoʻnalishlaridan kelib chiqqan holda paxtachilik va gʻallachilik yoʻnalishidagi qishloq xoʻjaligi korxonalari yer uchastkalari maydonlarining eng kam oʻlchami – 100 gektar, gʻallachilik va sabzavotchilik yoʻnalishidagi qishloq xoʻjaligi korxonalari yer uchastkalari maydonlarining eng kam oʻlchami – 20 gektar, bogʻdorchilik va uzumchilik yoʻnalishidagi qishloq xoʻjaligi korxonalari yer uchastkalari maydonlarining eng kam oʻlchami – 10 gektar, sabzavotchilik va polizchilik yoʻnalishidagi qishloq xoʻjaligi korxonalari yer uchastkalari maydonlarining eng kam oʻlchami – 5 gektar, deb belgilangan.
Chorvachilik yoʻnalishidagi qishloq xoʻjaligi korxonalari yer uchastkalarining hajmlari qonunchilikda belgilangan tartibda mavjud shartli mol bosh sonidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Maqbullashtirish jarayonida tuman hokimliklari zaxirasiga qaytarilgan yer uchastkalari, birinchi navbatda toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya kiritadigan, moliyaviy holati yaxshi va qishloq xoʻjaligi texnikalariga ega koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari, paxta-toʻqimachilik klasterlari, eksport qiluvchi va qayta ishlovchi korxonalarga beriladi.
Yer uchastkalarini maqbullashtirishda konturlarning yaxlitligini saqlagan holda, tuproq sharoiti, suv yoʻli va boshqa omillar hisobga olinadi. Eski, iqtisodiy jihatdan samaradorligi past boʻlgan (koʻchat soni kam boʻlgan, koʻchatlar intensiv usulda ekilmagan) bogʻ va tokzorlar belgilangan tartibda buzilib, ekin yer maydonlari tarkibiga qoʻshiladi.
Oʻylayotgan boʻlsangiz kerak, xoʻjalik uchun xarajat qilib qoʻygan-u, lekin rejalarni bajara olmagan fermerlar taqdiri nima boʻladi? deb. Bu ham hisobga olingan. Mulkdor bilan yer ijara shartnomasi bekor qilinayotganda tugallanmagan ishlab chiqarish xarajatlari, bogʻ va tokzorlarga qilingan xarajatlar, yer uchastkasi biriktirib berilayotgan yoki yangidan tashkil etiladigan fermer xoʻjaliklari, klasterlar, eksport qiluvchi va qayta ishlovchi korxonalarining oʻzaro kelishuv (kelishilgan narxlar) yoki baholash natijalari asosida qoplab beriladi.
Qayd etish joizki, qishloq xoʻjaligi korxonalarining yer uchastkalarini maqbullashtirish jarayonida qonun hujjatlariga hamda xolislik, oshkoralik va ochiqlik tamoyillariga qatʼiy rioya qilinishi taʼminlanadi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va tumanlarning toʻrtta sektor rahbarlari hamda tuman komissiyalarining barcha aʼzolari shaxsan javobgar hisoblanadi.
Chorixon Qodirov,
Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari
va tomorqa yer egalari kengashi huquqshunosi

 

OʻzA