Toshkent viloyatida ham fuqarolarga xorijga chiqish biometrik pasporti berish boshlandi

Maʼlumki, soʻnggi yillarda mamlakatimizda xorijga chiqish tartibini yanada takomillashtirishga alohida ahamiyat qaratilyapti.
Bu yoʻlda aholiga qulay sharoitlar yaratilmoqda. Xorijga chiqish uchun hujjatlarni rasmiylashtirishda byurokratik toʻsiqlar va korrupsiya holatlarining oldini olish, harakatlanish hujjatining amal qilish muddatini uzaytirishga eʼtibor kuchaytirilayotir. Fuqarolarning davlat chegarasidan oʻtkazish punktlarida pasport nazoratidan oʻtish tartib-taomillarini tubdan soddalashtirish boʻyicha ham salmoqli ishlar olib borilyapti.
photo5341368419506826062.jpg
Yangi yildan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish jarayonlari boshlangani ham buning tasdigʻidir.
Davlatimiz rahbari tomonidan oʻtgan yil 26 dekabr kuni qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish tizimini yaratish hamda Oʻzbekiston respublikasi biometrik pasport tizimini modernizatsiya qilishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori mazkur ezgu saʼy-harakatlarda muhim dasturilamal boʻlyapti.
Eʼtiborlisi, bu borada Toshkent viloyati IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi tomonidan ham qator ishlar olib borilmoqda. Binobarin, ushbu viloyatda ham fuqarolarga xorijga chiqish biometrik pasportlarini berish boshlandi.
Kecha Toshkent viloyatilik 64 nafar hamyurtimizga birinchilardan boʻlib xorijga chiqish biometrik pasporti jamoatchilik ishtirokida tantanali ravishda topshirildi.
— Shular qatorida yurtdoshlarimizga xorijga chiqish biometrik pasporti va uning afzalliklari haqida batafsil maʼlumotlar ham berilmoqda, — deydi Toshkent viloyati IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshligʻi Nurjov Meliqulov. — Ayni chogʻda hujjatlarni oʻz vaqtida rasmiylashtirish, fuqarolarda bu borada tugʻilayotgan savol va masalalarga tezkorlik bilan hamda sifatli javob qaytarish ustuvor vazifamizga aylangan. Bu yoʻnalishga eng malakali mutaxassislarimiz jalb etilgan.

 

O’zA