“Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqoti tashqi ishlar vazirlarining Afgʻoniston ishtirokidagi birinchi uchrashuvi yakunlari boʻyicha qoʻshma bayonot

“Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqotining vazirlar darajasidagi Afgʻoniston ishtirokidagi birinchi uchrashuvi 2019 yil 13 yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Samarqand shahrida boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda Afgʻoniston Islom Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston, Qirgʻiziston Respublikasi, Qozogʻiston Respublikasi, Oʻzbekiston Respublikasi, Hindiston Respublikasi tashqi ishlar vazirlari ishtirok etdi.

Tomonlar Hindiston va Markaziy Osiyo oʻrtasida madaniy, savdo va gumanitar aloqalar azaldan mavjudligini qayd etib, Hindiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi izchil, samarali va doʻstona munosabatlarni oʻzaro manfaatli hamkorlikni ikki va koʻp tomonlama shakllarda mustahkamlash borasidagi intilishlari qatʼiy ekanini taʼkidladilar.

Tomonlar xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash maqsadida hamkorlik, oʻzaro qoʻllab-quvvatlash, dolzarb masalalarni birgalikda hal qilishga boʻlgan intilishlarini tasdiqladilar. Shu maʼnoda, uchrashuv ishtirokchilari 2018 yil 15 mart kuni Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi ishchi (maslahat) uchrashuvi muvaffaqiyatli oʻtkazilganini qutladilar.

Tomonlar barcha shakl va koʻrinishdagi terrorizmni qoralab, butun dunyo xalqlari va iqtisodiyotga tahdid solayotgan terrorizmga qarshi kurashishda hamkorlikka kelishib oldilar.

Vazirlar Markaziy Osiyo mamlakatlarining iqtisodiy oʻsishiga doir muammo va vazifalarni oʻzaro kelishilgan holda hal etishni taʼminlaydigan loyihalarni teng huquqlilik, oʻzaro foyda va manfaatlarni hurmat qilish tamoyillari asosida ishlab chiqish va amalga oshirish muhim ekanini alohida taʼkidladilar.

Tomonlar iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uchun real imkoniyatlar yaratish, oʻzaro erkin savdo uchun qulay sharoitlarni taʼminlash maqsadida hamkorlikni mustahkamlashga intilishini bildirdilar.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari oʻzaro savdo hajmini oshirishga koʻmaklashish, sanoat, energetika, axborot texnologiyalari, farmatsevtika va qishloq xoʻjaligi, taʼlim va kadrlar tayyorlash sohalariga investitsiyalar, innovatsiya va texnologiyalar jalb etishdagi hamkorlikning istiqbolli imkoniyatlari va yoʻnalishlarini muhokama qildilar.

Tomonlar ishbilarmon doiralar va biznes tashkilotlari oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni rivojlantirishga, kompaniya va korxonalar kooperatsiyasining yangi shakllariga oʻtishga koʻmaklashishga tayyor ekanligini tasdiqladilar. Kichik va oʻrta biznes, startaplar, venchur biznesi darajasida hamkorlikni ilgari surish zarurligini taʼkidladilar. Tarmoq biznes forumlari va boshqa oʻzaro biznes tadbirlarini doimiy asosda oʻtkazish muhimligini qayd etdilar.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari mintaqaning investitsiya muhiti va investitsion jozibadorligini, Markaziy Osiyo mamlakatlarining xalqaro makondagi ishbilarmonlik imkoniyatlarini yaxshilash boʻyicha oʻzaro muvofiqlashgan saʼy-harakatlarni amalga oshirish muhimligini taʼkidladilar. Vazirlar Hindiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari hududlari va shaharlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri oʻzaro manfaatli iqtisodiy va madaniy aloqalarni yoʻlga qoʻyishva kengaytirish zarurligiga alohida eʼtibor qaratib, bu yoʻnalishda koʻmaklashishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Vazirlar Markaziy Osiyo mamlakatlarining tranzit va transport-kommunikatsiya salohiyatini rivojlantirish, mintaqaning transport-logistika tizimini takomillashtirish borasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, mintaqaviy va xalqaro transport yoʻlaklarini yaratish boʻyicha qoʻshma tashabbuslarni ilgari surishdan manfaatdor ekanliklarini taʼkidladilar. Xususan, ishtirokchilar Xalqaro transport va tranzit yoʻlagini yaratish boʻyicha Ashxobod Bitimiga Hindistonningqoʻshilganini ijobiy baholadilar.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari Markaziy Osiyo mamlakatlari va Hindiston oʻrtasidagi savdo munosabatlarini rivojlantirish zarurligini qayd etib, hamkorlikning koʻp tomonlama mexanizmlarini koʻrib chiqish maqsadga muvofiq ekanini taʼkidladilar.

Vazirlar Markaziy Osiyo mamlakatlari va Hindiston oʻzaro sayyohlar oqimini kengaytirish uchun qulay sharoitlar yaratish, turizm infratuzilmasini rivojlantirishda intilishi qatʼiy ekanini taʼkidladilar. Tomonlar Markaziy Osiyo mamlakatlarida mintaqaviy turizm yoʻnalishlari va turli sayohatlarni tashkil etish muhimligini qayd etdilar.

Tomonlar madaniyat, ilm-fan, taʼlim va sport sohalarida, jumladan, BMT Bosh Assambleyasining A/RES/73/128 “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasini amalga oshirish doirasida yoshlarga oid qoʻshma loyihalari hayotga tatbiq etilishiga alohida eʼtibor qaratdilar.

Vazirlar qoʻshma loyihalarni roʻyobga chiqarish orqali madaniyat, fan, taʼlim, tibbiyot, axborot sohalarida ikki va koʻp tomonlama hamkorlikni mustahkamlashdan, shuningdek, “xalq” diplomatiyasi doirasida madaniy-gumanitar almashuvlarni qoʻllab-quvvatlash, ekspert-tahlil va jamoatchilik doiralari, OAV oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar. Tomonlar umumiy madaniy meros va tarixiy yodgorliklarni asrash va oʻrganish masalalaridagi hamkorlikka ustuvor ahamiyat qaratdilar.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari koʻp tomonlama forumlar va tashkilotlar doirasida hamkorlikni davom ettirish, jumladan, pozitsiyalarni kelishish, axborot almashish, nomzodlarni oʻzaro qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

Vazirlar mintaqaviy hamkorlik, tovarlar va energiya resurslari tranzitining muhim boʻgʻini boʻlgan Afgʻonistonning “Hindiston –Markaziy Osiyo” muloqotining birinchi uchrashuvidagi ishtirokini maʼqullab, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Hindistonning Afgʻonistonda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash, ushbu mamlakatda bevosita afgʻon xalqi rahbarligida va saʼy-harakatlari bilan tinchlik jarayonini oʻrnatishga koʻmaklashishda, shuningdek, qoʻshma infratuzilmaviy, tranzit-transport, energetika va boshqa loyihalarni amalga oshirish, jumladan, mintaqaviy hamkorlik va investitsiya loyihalari orqali Afgʻonistonning iqtisodiy tiklanishini qoʻllab-quvvatlashga tayyor va bu borada intilishlari qatʼiy ekanini taʼkidladilar.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari afgʻonistonlik xotin-qizlarni mamlakat ijtimoiy hayotiga jalb etish orqali Afgʻonistonda barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash muhimligini taʼkidladilar hamda Markaziy Osiyo mamlakatlarida ushbu masalalarga doir konferensiya va forumlar muvaffaqiyatli oʻtkazilishini maʼqulladilar.

Vazirlar 2017 yil noyabr oyida Ashxobod shahrida boʻlib oʻtgan Afgʻoniston boʻyicha yettinchi mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik konferensiyasi (RECCA VII) natijalarini qayd etib, Afgʻoniston boʻyicha sakkizinchi mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik konferensiyasini (RECCA VIII)2019 yilning ikkinchi yarmida Toshkent shahrida oʻtkazishga hozirlik doirasida hamkorlik qilishga tayyor ekanini tasdiqladilar.

Ishtirokchilar Afgʻoniston bilan birgalikda madaniy tadbirlar, taʼlim va ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirishda qoʻshma tashabbuslar uchun ulkan salohiyat mavjudligiga eʼtibor qaratib, Afgʻoniston tomonining xalqaro yoshlar forumi, festivali, tanlovlar, ilmiy konferensiyalar, koʻrgazma va boshqa qoʻshma tadbirlarda ishtirok etishiga yordam berishga tayyor ekanini bildirdilar.

Tomonlar uchrashuvning Samarqand shahrida muvaffaqiyatli oʻtkazilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar hamda uni tashkil etgan Oʻzbekiston Respublikasiga chuqur minnatdorlik bildirdilar.

Ishtirokchilar tashqi ishlar vazirlari darajasidagi “Hindiston –Markaziy Osiyo” muloqotini Afgʻoniston ishtirokida oʻtkazishni muntazam davom ettirishga hamda ushbu formatda 2020 yilda Nyu-Deli shahrida uchrashishga kelishib oldilar.

 

OʻzA