Darslar Prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasini oʻrganishdan boshlandi

Qoraqalpogʻiston Respublikasida barcha oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlarida qishki taʼtildan keyin ilk darslar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasini oʻrganish bilan boshlandi. 
“Buyuk tashabbus – buyuk kelajak” mavzusida tashkil qilingan maxsus darsda Orolning qurigan maydonida oʻrmonzorlarni barpo qilish yuzasidan olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar xususida ham keng maʼlumot berildi. Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida oʻtkazilgan darslarni akademik J. Bazarbayev hamda professor K.Allambergenovlar olib bordi.
Taʼkidlanganidek, Orolboʻyi hududini, xususan, Moʻynoq tumanini har tomonlama rivojlantirish, aholining farovon turmushini taʼminlash hamda ekologik talafotlarga qarshi kurashish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar katta tarixiy ahamiyat kasb etmoqda.
Hozirgi vaqtda dengizning qurigan maydonidagi 37 ming gektardan ortiq yerga saksovul urugʻi sepilgan boʻlsa, 131 ming gektardan ortiq yer maydoni ekishga tayyorlab qoʻyilgan. Bu raqam kundan kunga oshmoqda. Oʻtgan yilning 17 dekabridan barcha viloyatlardan yordamchi kuchlar yetib kelib ish boshlagan. Orol dengizining qurigan maydoni hozirda qizgʻin mehnat markaziga aylangan.
Maxsus darsda Qoraqalpogʻistonda, xususan Moʻynoq tumanida olib borilayotgan boshqa da islohotlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar berildi.
“Buyuk tashabbus – buyuk kelajak” mavzusidagi maxsus darslar institutning barcha fakultetlarida oʻtkazildi.

 

Yesimxon Qanoatov, OʻzA