Prezidentimiz Toyloq tumanidagi “Pet Agro Oil” qoʻshma korxonasida boʻlib, u yerda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi

Mamlakatimizda aholini sifatli, xavfsiz va arzon oziq-ovqat bilan taʼminlash, keng turdagi yogʻ-moy mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish uchun qulay sharoitlar yaratish, mazkur tarmoq korxonalarida zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada Prezidentimizning 2018 yil 19 yanvardagi “Yogʻ-moy tarmogʻini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori muhim dasturilamal boʻlmoqda.
photo5316905956531088260.jpg
Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, oʻsimlik yogʻi ishlab chiqarish va qadoqlashga ixtisoslashtirilgan “Pet Agro Oil” qoʻshma korxonasi 2017 yilda Shimoliy Irlandiyaning “Nortec Estate LLP” kompaniyasi hamda Oʻzbekistonning “Tony Green” firmasi tomonidan tashkil etilgan.
Ayni paytda korxona faoliyatini kengaytirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Italiya, Avstriya, Turkiya, Shveysariya, Hindiston, Bolgariya va Xitoy davlatlaridan 7 million dollarga zamonaviy texnologiyalar keltirib, oʻrnatildi. Qurilish-montaj ishlariga 3 million dollar sarflandi.
Korxona toʻliq quvvat bilan ishlagach 800 nafar mahalliy aholining bandligi taʼminlanadi. Bu yerda kuniga 350 tonna oʻsimlik yogʻi, 3 ming tonna tomat pastasi, 2 ming 500 tonna olma konsentrati ishlab chiqariladi.
Shu yerning oʻzida Samarqand viloyatiga biriktirilgan Oʻzbekiston Respublikasining Turkiya, Xitoy va Ispaniya davlatlaridagi elchilari hamda Afina shahridagi Bosh konsuli koʻmagida amalga oshiriladigan loyihalar, shuningdek, “Azia Metall Prof” qoʻshma korxonasi tomonidan “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida tunukani rux bilan qoplash, qayta ishlash va polimerizatsiyalashni tashkil etish, “Afrosiyob Parranda” MCHJ tomonidan amalga oshiriladigan loyihalar, intensiv bogʻ barpo etish, viloyatda tashkil etilayotgan paxta-toʻqimachilik klasterlari, suv tejovchi texnologiyalar va ularning afzalliklari, tomchilatib sugʻorish, parrandachilikni rivojlantirish, viloyatga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish loyihalari taqdimoti oʻtkazildi.
Davlatimiz rahbariga Xitoyning “Henan Wanbang Selected Supply Chain Management Co. LTD” kompaniyasi tomonidan chorvachilik klasterini qurish boʻyicha loyiha konsepsiyasi, Bulungʻur, Jomboy va Payariq tumanlarida chorvachilik klasteriga tanlangan yer maydonlari, aholi tomorqalaridan samarali foydalanish va “Tomorqa xizmati” MCHJlar faoliyati kengaytirish vazifalari haqida maʼlumot berildi.
Xususan, Samarqand tumanidagi “Afrosiyob Parranda” masʼuliyati cheklangan jamiyati Samarqand, Toshkent, Andijon va Surxondaryo viloyatlarida omixta yem hamda premiks ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishni rejalashtirgan. Surxondaryoda 2019 yilning toʻrtinchi choragida 6,6 million yevro evaziga yiliga 50 ming tonna omixta yem tayyorlaydigan korxona barpo etiladi. Natijada ellikka yaqin ish oʻrni yaratiladi.
Prezidentimiz Oʻzbekiston Respublikasining Turkiya Respublikasidagi elchixonasi tomonidan qishloq xoʻjaligi uchun dori vositalari va oʻgʻitlari, tomchilatib sugʻorish uskunalari va ehtiyot qismlari, traktor, polipropilendan ip-kalava, sendvich panel ishlab chiqarish, Samarqand shahrida 130 oʻrinli mehmonxona qurish loyihalari bilan tanishtirildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Ispaniya qirolligidagi elchixonasining zamonaviy qurilish materiallari, issiqxona qurish uchun asbob-uskunalar ishlab chiqarish, paxta uchun tomchilatib sugʻorish tizimini joriy etish hamda qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻini ishlab chiqarish zavodi qurish loyihalari haqida maʼlumot berildi.
Davlatimiz rahbari ushbu loyihalarning asosi, samaradorligi bilan qiziqdi. Ular yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berib, xorijiy tajribani oʻrganish, kerak boʻlsa, chet eldan konsultantlar jalb etish zarurligini taʼkidladi.
Samarqand viloyatida 37 ming gektardan ziyod lalmi yer foydalanilmayotgani, ularni ishga solib, aholini ish va arzon mahsulotlar bilan taʼminlash mumkinligi qayd etildi.

 

Umar Asrorov, OʻzA