Prezidentimiz Samarqand shahrida bunyod etilayotgan Konfutsiy maydoniga bordi

Davlatimiz rahbari Samarqand shahrining Universitet xiyobonida qurilayotgan Konfutsiy maydonida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Konfutsiy eramizdan oldingi 551 yilda tugʻilgan. Xitoy madaniyati asoslarining yaratilish davrini boshlab bergan. Faylasuf konfutsiychilik asoschisi, siyosiy arbob sifatida tanilgan.2014 yilda Shanxay xorijiy tillar universiteti va Samarqand davlat chet tillar instituti oʻrtasida imzolangan oʻzaro hamkorlik shartnomasiga muvofiq chet tillar instituti qoshida Konfutsiy instituti tashkil etilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning avvalgi tashrifi chogʻida berilgan topshiriqlarga muvofiq Samarqand davlat universiteti yonida buyuk mutafakkir Konfutsiy haykali oʻrnatildi. Haykal atrofidagi moʻjaz maydonda qadimgi Xitoy anʼanalariga xos ayvonlar barpo etildi.

Shu yerdagi Samarqand davlat universitetiga qarashli toʻqqiz qavatli oʻquv va maʼmuriy binoda qurilish ishlari amalga oshirilib, uning har bir qavati rivojlangan xorijiy mamlakatlarning nufuzli oliy taʼlim muassasalari andozalariga moslashtirildi.

Bu yerda xalqaro taʼlim dasturlari markazi tashkil etilmoqda. Unda Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston va Yevropa Ittifoqi davlatlari universitetlaridagi eng yaxshi tajribalar oʻrganiladi. Mamlakatimiz tarmoqlari uchun zarur boʻlgan malakali mutaxassislar tayyorlanadi.Talabalar ikki yil ushbu markazda taʼlim olsa, keyin tegishli xorij mamlakatlarida oʻqishni davom ettiradi.

Davlatimiz rahbari markaz loyihasi bilan tanishib, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi. Shuningdek, shu yerda Samarqandda turizmni rivojlantirish, kongress-xol va mehmonxonalar qurishga oid koʻplab loyihalar namoyish etildi.

Xususan, oʻn toʻrt gektardan ziyod maydonda bunyod etiladigan Kongress-xolda yirik xalqaro anjumanlar oʻtkazish uchun barcha sharoit yaratiladi. Uning atrofida ikkita zamonaviy besh yulduzli mehmonxona, biznes markazlar va boshqa obyektlar quriladi.

Bugungi kunda Samarqand viloyatida 540 dan ziyod turistik obyekti, 119 ta mehmonxona, 23 ta oilaviy uy mehmonxona, 127 ta turoperator faoliyat koʻrsatmoqda. Oʻtgan yili viloyatga 2 million 400 mingdan ziyod mahalliy va xorijlik sayyoh tashrif buyurgan.

Ayni paytda viloyat turizm salohiyatini yanada rivojlantirish boʻyicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Indoneziyaning “Sahid group” kompaniyasi bilan hamkorlikda ikkita zamonaviy mehmonxona qurilmoqda. Urgut, Samarqand, Nurobod kabi qator tumanlarda yangi turistik marshrutlar tashkil etish ishlari boshlangan.

Davlatimiz rahbariga turizmni rivojlantirish boʻyicha “Smart Chain” kompaniyasi tomonidan “Nazzar” – innovatsion ilova haqida maʼlumot berildi.

Ushbu innovatsion ilova istalgan materialni toʻldirilgan reallik elementlari bilan boyitishi mumkin. Smartfon “Nazzar” belgisiga yoʻnaltirilsa, mobil qurilma ekranida real obyektning tasviri chiqib, u turli effektlar bilan toʻldiriladi.

“Smart Chain” kompaniyasi mutaxassislari taklif etayotgan innovatsion ilovalar orqali mamlakatimizning turistik salohiyatini keng targʻib qilish, hamda tarixiy obidalar va muzeylarni yoshlar oʻrtasida yanada ommalashtirish mumkin. Ushbu kartochkalarga smartfonni yaqinlashtirish orqali tarixiy obyektlarni “gavdalantirish”, lavha fonida audiomatnni eshitish yoki uni 3 D realligida tomosha qilish mumkin.

Prezidentimiz mamlakatimizga turizm salohiyatini yanada rivojlantirish uchun eng avvalo malakali mutaxassislar tayyorlash zarurligini qayd etdi.

Mutasaddilarga turizm rivojlangan mamlakatlar tajribasini oʻrganish, Samarqanddagi “Ipak yoʻli” xalqaro turizm universiteti faoliyatini yanada kuchaytirish boʻyicha topshiriqlar berdi.

c2938d2a-1494-d1e1-bfcb-29d0b373058a.jpg
1b60a4c8-d026-d8f7-5fa8-b1935e7fdb92.jpg
18b14620-6471-1bcc-c770-fc8833937df0.jpg

 

Ziyodulla Jonibekov, OʻzA