Shavkat Mirziyoyev oʻzaro hamohang ikki ilm maskanini koʻzdan kechirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifi chogʻida dastlab Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi. Qurʼon tilovat qilindi.
Maʼlumki, 2016 yili Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi ochilish marosimida Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi yonida ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish taklifi bilan chiqqan edi. Keyinchalik Prezidentimiz ushbu markaz loyihasi va qurilishi bilan bir necha bor tanishdi. Uning mazmun-mohiyati, hatto, rangining qanday boʻlishigacha belgilab berdi. Bugungi kunda qurilish va pardozlash ishlari nihoyasiga yetkazildi.
Davlatimiz rahbari ushbu markazda yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi.
Markaz Imom Buxoriy va boshqa mutafakkir allomalarimizning bebaho ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etish, mamlakatimiz va xorijiy davlatlardagi kutubxonalar, arxiv fondlarida saqlanayotgan qoʻlyozmalarning elektron nusxalarini toʻplash, ularni xalqimiz va jahon jamoatchiligiga yetkazish bilan shugʻullanadi. Bu yerda ajdodlarimizning boy merosini alohida-alohida oʻrganish, yetuk mutaxassislar tayyorlash uchun barcha kerakli sharoitlar yaratilgan.
Markazning birinchi qavatida muzey tashkil etilgan. Unda Imom Buxoriyning hayoti, ilmiy safarlari aks etgan. Muzey markaziga “Sahihi Buxoriy” kitobining qadimiy qoʻlyozma nusxasi qoʻyilgan.
Muzey bilan tanishar ekan, Prezidentimiz bu joy ziyoratchilarga Imom Buxoriy haqida tasavvur, bilim berishini taʼkidladi.
– Dunyo xaritasida yana bir ilmiy markaz paydo boʻldi. Bu markaz mamlakatimizga ilm, baraka olib keladi. Yoshlarimizga bilim, kuch beradi. Bu yerda oʻqiganlar, ziyoratgan kelganlar katta maʼnaviyat, maʼrifat oladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Markaz tomonidan 2018 yilning oʻtgan davrida buyuk allomalarimiz merosini oʻrganish, keng targʻib etish, nufuzli xalqaro markazlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Yevropa va Sharq mamlakatlari, dunyodagi yetakchi islom tadqiqot markazlari, universitetlar bilan aloqalar oʻrnatildi. Jumladan, Buyuk Britaniyaning Oksford islom tadqiqotlari markazi, Kembrij universiteti, “Al-Furqon” fondi, Britaniya muzeyi, Fransiyaning Arab dunyosi instituti, Fransiya milliy kutubxonasi va boshqa ilm-fan maskanlari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.
Markaz ilmiy xodimlari tomonidan “Imom Buxoriy taʼrifi”, “Alouddin Usmandiy Samarqandiy hayoti va ilmiy merosi”, “Lubobul hadis asari” kabi 17 ta kitob nashrga tayyorlandi.
Xorijiy mamlakatlarning kutubxona fondlarida saqlanayotgan 535 ta qoʻlyozma va toshbosma asarlarning elektron nusxalari olindi. Markazda saqlanayotgan 1 168 ta asarning katalogi tayyorlandi.
Davlatimiz rahbari qoʻlyozma kitoblarni avaylab saqlash, tarjima qilib, xalqqa yetkazish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqot markaziga hamohang yana bir oliy diniy taʼlim muassasasi – Hadis ilmi maktabi ham bunyod etilgan. Shavkat Mirziyoyev ushbu maktab bilan ham tanishdi.
Hadis ilmi maktabida oʻqish muddati besh yil boʻlib, kunduzgi taʼlim shaklida olib borilmoqda. Maktabga arab tilini puxta oʻzlashtirgan, hadislarni yod olishga salohiyati boʻlgan oʻrta maxsus diniy taʼlim muassasalarining 10 nafar iqtidorli bitiruvchilari saralab olingan.
Maktabda hadisshunoslik fanlari bilan bir qatorda Qurʼoni karim, fiqh, aqida, tafsir, islom tarixi kabi fanlar hamda xorijiy tillardan chuqur bilim beriladi.
Buyuk ajdodlarimiz asos solgan Hadis ilmi maktabi faoliyatini tashkil qilish mamlakatimiz maʼnaviy taraqqiyotining bugungi bosqichida muhim ahamiyat kasb etadi. Tashkil etilgan muassasa oʻz oldiga hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini chuqur oʻrganish, xorijiy tillarni chuqur oʻrgatish, “Ustoz-shogird” anʼanalari asosidagi mashgʻulotlarni tashkil etish, dunyoviy davlatda diniy qadriyatlarni asrab-avaylash, hadis ilmi ulamolari asarlarining ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini tayyorlash, oʻzbek va xorijiy tillarda nashr etish, ilmiy seminarlar, konferensiyalar tashkil etish, eng muhimi, “Jaholatga qarshi – maʼrifat” shiori asosida murosasizlik, ekstremizm va terrorizmning har qanday koʻrinishlariga ilm-maʼrifat, yuksak odob-axloq bilan qarshi turishdek katta vazifalarni qoʻygan.
Kelajakda Hadis ilmi maktabi bitiruvchilari diniy fanlar, xususan, hadis ilmi sohasida taʼlim berib, diniy tashkilotlarda imom-xatib, ilmiy xodim vazifalarida ishlashi, shuningdek, ilmiy-tadqiqot markazlarida ilmiy xodim sifatida faoliyat olib borishi koʻzda tutilgan.
Bituruvchilar taʼlimni oʻz ixtisosligiga koʻra, Oʻzbekiston Islom akademiyasi magistraturasida, tayanch doktorantura va doktorantura bosqichlarida davom ettirishlari mumkin.
Prezidentimiz maktabda oʻqitish uslublarini takomillashtirish, xalqaro ilmiy markazlar bilan hamkorlikni rivojlantirish zarurligini taʼkidladi.
b5b51d75-6848-ce58-b4bd-8417c0a65377.jpg
d755e17d-a41c-9b49-56c6-52b3243ffff9.jpg
d2a506e6-a354-1ff7-1293-66c11546af0e.jpg
8a08079a-f91f-dfe1-c82e-80e5a0d3beb0.jpg
5a4a4af8-5a70-f73c-83fd-23ee97d06c08.jpg
81d1f416-d3fe-66ff-78b8-28402f0c522e.jpg
a4ff161c-16e7-3c2a-5df3-1abc7492e04f.jpg
aff4a447-6046-9c79-c08e-ed2a6ed2d344.jpg
cf4ffa1f-650d-bb6d-1857-c5a286437e82.jpg

 

OʻzA