Mualliflik huquqiga hurmatni shakllantirishning ixtiyoriy choralari qanday amalga oshiriladi?

Poytaxtimizdagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida mualliflik huquqiga hurmatni shakllantirish, raqamli muhitda kontrafakt va qaroqchilikka qarshi kurash masalalariga bagʻishlangan mintaqaviy seminar tashkil etiladi.
Intellektual mulk agentligi va Butunjahon intellektual mulk tashkiloti hamkorligida oʻtkazilayotgan tadbirning mazmun-mohiyati mualliflik huquqi va turdosh huquqlarning huquqiy muhofazasi, raqamli muhitda kontrafaksiya va qaroqchilikka qarshi kurashish chora-tadbirlari tahliliga qaratiladi.
Intellektual mulk agentligi matbuot kotibi Goʻzal Vapayevaning maʼlum qilishicha, maqsad mavzu doirasida ishtirokchilarning bilim va tushunchalarini boyitish, bu jarayonda mualliflik huquqi va turdosh huquqlarning huquqiy muhofazasi qay tarzda himoya qilinishi qonuniy meʼyorlar asosida tahlil etib beriladi. Oʻz navbatida, bunday fikr-mulohazalarda mahalliy va xorijlik mutaxassislarning tajribasi va ilmiy-amaliy xulosalari katta ahamiyatga ega. Shu bois unda mualliflik huquqiga hurmatni shakllantirishning ixtiyoriy choralari, internet qaroqchiligi, mualliflik huquqi boʻyicha zamonaviy yurisprudensiya, onlayn qaroqchilikka qarshi kurashda domen nomlari registratorining ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratiladi.

 

Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA