Oʻzbekistonga kirish elektron vizasini olish uchun murojaat qilgan xorij fuqarolari soni 19820 nafarga yetdi

15 noyabr holatiga koʻra Oʻzbekistonga kirish elektron vizasini olish uchun murojaat qilgan xorij fuqarolari soni 19820 nafarga yetdi. Bu haqida Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimovning Telegram kanalida maʼlum qilindi.
Hisobot jadvali tahlili shuni koʻrsatadiki, oʻtgan 3 oy ichida dunyoning 49 davlatidan boʻlgan fuqarolar Oʻzbekistonga kirish elektron vizasini olish uchun murojaat qilgan, ulardan 19518 nafariga elektron vizalar taqdim etilgan. 22 kishining murojaati rad etilgan. 280 ta ariza esa koʻrib chiqilmoqda.
Eng koʻp Xitoy fuqarolari E-VISA olish uchun murojaat etgan boʻlib, ularning soni 5601 nafarni tashkil etadi. Shuningdek, Hindiston (2023 nafar) AQSH (1867 nafar), Buyuk Britaniya (1528 nafar) va Fransiya (1018) fuqarolari bu roʻyxatda koʻpchilikni tashkil etadi.
Eslatib oʻtamiz, Davlatimiz rahbarining 2018 yil 4 iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasiga xorijiy fuqarolarning kirishi tartibini optimallashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan endilikda yurtimizga kirish vizalarini rasmiylashtirish xorijiy mamlakat fuqarolari uchun yanada soddalashtirilgan tartibda amalga oshirilmoqda.
2018 yil 15 iyuldan boshlab E-VISA berish jarayoni boshlandi va xorijiy fuqarolar yurtimizga kirish vizasini rasmiylashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari, konsullik idoralariga majburiy murojaat etishlari bekor qilindi. Bundan tashqari, xorijiy fuqaroning kirish vizasini olish uchun murojaatini koʻrib chiqish muddatlari qisqartirildi. Elektron vizani rasmiylashtirish uchun murojaat berish Oʻzbekiston Respublikasiga kelish sanasidan uch ish kunidan kam boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi.
Elektron viza xorij fuqarosiga 30 kun muddatga Oʻzbekiston hududida boʻlish huquqini beradi va bu viza taqdim etilgan kundan boshlab 90 kun muddat ichida amal qiladi.

 

N. Toshpoʻlatova, OʻzA