2019 yilda davlat byudjeti tushumi qancha boʻlishi aytildi

2019 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti daromadlarining tushumi 102,6 trln. soʻm yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 24,2 foiz darajasida boʻlishi prognoz qilinmoqda. Davlat byudjetiga tushumlarning joriy yil koʻrsatkichiga nisbatan 37,8 foiz oʻsishi rejalashtirilmoqda.
Davlat byudjeti daromad qismining tushumi bevosita soliqlar boʻyicha daromadlar hisobiga 20,7 trln. soʻm, bilvosita soliqlar boʻyicha 55,5 trln. soʻm miqdorida, resurs soliqlar va mol-mulkka solinadigan soliqlar boʻyicha 14,6 trln. soʻm, yer osti boyliklaridan foydalanganlik uchun soliqlar boʻyicha 10,7 trln. soʻm, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlar boʻyicha 0,3 trln. soʻm miqdorida boʻlishi kutilmoqda.
2019 yil davlat byudjeti xarajatlari asosan ijtimoiy sohalarga yoʻnaltiriladi
2019 yilda Davlat byudjetining xarajatlari 107,1 trln. soʻmni tashkil etadi. Bu oʻtgan yildagiga nisbatan 1,4 baravar koʻp boʻlib, bunda Davlat byudjetining xarajatlari asosan ijtimoiy sohalarga yoʻnaltiriladi. Jumladan, ijtimoiy soha xarajatlari 57,8 trln. soʻmni yoki umumiy xarajatlarga nisbatan 54,0 foizni tashkil etadi. Bunda ushbu xarajatlarning oʻsishi avvalgi yilga nisbatan 34,4 foiz koʻpayadi.
Maktabgacha taʼlim muassasalarini moliyalashtirishga 4,0 trln. soʻm, umumiy taʼlimga 17,1 trln. soʻm yoʻnaltiriladi, kadrlar tayyorlashga ajratiladigan mablagʻlar 3,8 trln. soʻmni tashkil etadi.
Sogʻliqni saqlashni moliyalashtirishga esa,12,1 trln. soʻm yoʻnaltiriladi yoki avvalgi yilga nisbatan 30,5 foiz oʻsish bilan umumiy xarajatlarga nisbatan 11,3 foizni tashkil etadi.
Madaniyatni moliyalashtirish uchun 1,0 trln. soʻm, ilm-fanga 0,8 trln. soʻm yoʻnaltiriladi. Ijtimoiy nafaqalar, kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam toʻlash va kompensatsiya toʻlovlari uchun xarajatlar oʻtgan yildagiga nisbatan 61,8 foiz oshgan holda 5 267,2 mlrd. soʻmni tashkil etadi.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlarini amalga oshirish uchun barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan 6,3 trln. soʻm yoʻnaltiriladi, bu esa, 478 ta aholi punktida turmush sharoitlari yaxshilanishini taʼminlaydi.
Davlat dasturlarini amalga oshirish doirasida 2019 yilda 372 ta obyektda ichimlik suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimini rekonstruksiya qilish hamda modernizatsiyalash, 1 916,1 km uzunlikdagi suv oʻtkazish tarmogʻini qurish va rekonstruksiya qilish nazarda tutilmoqda. Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida markazlashgan suv taʼminotini qamrab olish 2019 yilda 77,0 foizga yetadi.

 

O’zA