Soʻnggi kunlarda ayrim ommaviy axborot vositalari “OʻzA” Milliy axborot agentligi maʼlumotlariga tayanib, 15 kun ichida Oʻzbekistondagi Internet tezligini 10 barobarga oshirishini maʼlum qildilar. “Oʻzbektelekom” AK ushbu maʼlumotni rasmiy ravishda izohladi.
2018-yilning 9-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Oʻzbekistonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish va xavfsizligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Ushbu yigʻilishda Davlatimiz rahbari Internet tarmogʻiga ulanish narxini pasaytirish, shuningdek, ulanish tezligini oshirish, 2020-yilgacha MDH mamlakatlari darajasiga yetkazish topshirigʻini berdi.
Kompaniya ishlari barcha yoʻnalishlarda yuritilmoqda: maʼlumotlar uzatish tarmogʻi kengaytirilmoqda, aholi Internet tarmogʻiga yuqori tezlikda ulanish bilan taʼminlanishi oshirilmoqda, mijozlarga xizmat koʻrsatilmoqda va xalqaro hamkorlar bilan faol aloqa saqlanmoqda.
Oʻtgan 10 oy mobaynida, “Oʻzbektelekom ” AK da zarur takomillashish ishlari tizimli tahlil qilindi, kerakli uskunalar sotib olindi, dasturlar ishlab chiqildi va tashqi kanal imkoniyatlarini kengaytirish va provayderlar, operatorlar va oxirgi foydalanuvchilar uchun Internet tarmogʻiga chiqish tezligini oshirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
Joriy yilning boshida Oʻzbekiston tashqi Internet-kanallariga ulanish faqat ikkita xalqaro bogʻlama orqali amalga oshirilardi. 2018-yil boshiga bogʻlamalar oʻz mahsuldorligining chegarasida, deyarli ishlamay boshlagandi. Shu munosabat bilan bugungi kunda Kompaniyaning texnik xizmatlari bosqichma-bosqich modernizatsiya ishlarini oʻtkazmoqda, buning natijasida “Oʻzbektelekom” AK shu yilning oxiriga qadar, UZTELECOMdan kanal sotib olgan operatorlar va provayderlar isteʼmoli uchun zarur boʻlgan tezlikni taʼminlay oladi.
Provayderlar va operatorlarning barcha arizalari cheklovlarsiz va toʻla hajmda qondiriladi. “UZTELECOM” kompaniyasi “UZONLINE” va “UZMOBILE” abonentlari uchun yanada jozibador tarif rejalarini joriy etishni rejalashtirmoqda.
OʻzA