Oʻzbekiston – YUNЕSKO: madaniy-gumanitar hamkorlik bardavom

Asrlar davomida kashf etilgan intellektual boylikni, moddiy va maʼnaviy qadriyatlarni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazish qaygʻusi insoniyatni hamisha tashvishga solib kelgan. Shu maqsad yoʻlida qancha-qancha jamgʻarmalar, tashkilotlar taʼsis etilgan, ne-ne hujjatlarga imzo chekilgan. Lekin ming yilda erishilgan maʼnaviy boylikni bir yilda yoki bir necha oyda kunpayakun qilish mumkinligini yaqin tarixda ham koʻrdi odamzot.
Shu bois maʼnaviy boyliklarni asrash maʼrifatli dunyoning ezgulik yoʻlidagi kurashlaridan boʻlib kelgan. BMTning Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti – YUNЕSKO faoliyati shu maqsadga, dunyo xalqlari oʻrtasida fan, taʼlim, madaniyat sohalarida hamkorlikni rivojlantirish orqali yer yuzida tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga hissa qoʻshish, tili, dini, irqi va kelib chiqishidan qatʼi nazar, odamlarga umuminsoniy munosabatni taʼminlashga qaratilgan.
Bosh qarorgohi Parij shahrida joylashgan ushbu tashkilot tuzilganiga 73 yil boʻldi. Hozir YUNЕSKOga 195 davlat aʼzo. Oʻzbekiston 1993 yilda aʼzo davlatlar qatoridan joy olgan. 1996 yil Toshkentda tashkilot vakolatxonasi ochilishi mamlakatimiz ilm-fan sohasidagi bor imkoniyatlarini namoyon etgan holda, dunyo hamjamiyati bilan madaniy aloqalarni oʻrnatish, moddiy va nomoddiy boyliklarni insoniyat eʼtiboriga namoyish etish yoʻlida keng imkoniyatlar yaratib berdi.
YUNЕSKO 2014-2021 yillarga moʻljallangan Oʻrta muddatli strategiya, 2018-2021 yillarga moʻljallangan YUNЕSKO dasturi va byudjeti, 2017-2021 yillarga moʻljallangan hukumatning rivojlanish Harakatlar strategiyasi dasturlari doirasida dunyo hamjamiyati bilan insoniyat yashash tarzi, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy faoliyatini yanada yaxshilash, barqaror hayotni taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashqi siyosatda xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash yoʻlida olib borayotgan islohotlar natijasida mamlakatimizning xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligi faollashib bormoqda.
Shu yil oktyabr oyida Fransiyaga rasmiy tashrif doirasida davlatimiz rahbari YUNЕSKO Bosh direktori Odri Azule bilan uchrashib, tashkilot bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama etdi. Ushbu uchrashuv samarasi oʻlaroq Oʻzbekiston bilan YUNЕSKO oʻrtasidagi 2018-2021 yilgacha moʻljallangan qoʻshma Harakatlar rejasi qabul qilindi. Bu bilan amalga oshirilayotgan ishlarni yanada faollashtirishga zamin yaratildi.
YUNЕSKO bilan hamkorlikda yurtimizda muntazam ravishda fan-taʼlim, madaniyat, aloqa va axborot sohalari targʻiboti yoʻlida xalqaro konferensiyalar, koʻrgazma, seminarlar, turli darajadagi tadbirlar oʻtkazib kelinmoqda. YUNЕSKO Oʻzbekistondagi tarixiy qadamjolar, moddiy va nomoddiy yodgorliklarga butunjahon merosi sifatida qarab, kelgusi avlodga oʻz asliyatini saqlagan holda yetkazish boʻyicha keng koʻlamli targʻibot-tashviqot ishlarini amalga oshirmoqda.
Qadim tarixga ega, ilm-fan sivilizatsiyasiga ulkan hissa qoʻshgan yurtimiz hududidagi qator moddiy va nomoddiy yodgorliklar YUNЕSKOning Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan. Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabzdagi tarixiy-meʼmoriy obidalar va Chotqol biosferasi shular jumlasidan. Tashkilot mamlakatimiz tegishli idoralari bilan yodgorlik va obidalarni oʻz holicha saqlash borasida nazorat ishlarini olib bormoqda.
Shuningdek, xalqimiz madaniyatining oʻlmas durdonalaridan boʻlgan Boysun madaniy merosi, Navroʻz, Shashmaqom, Katta ashula, atlas va adras ishlab chiqarish texnologiyalari ham insoniyatning nomoddiy madaniy merosi sifatida YUNЕSKOning Reprezentativ roʻyxatidan joy olgan.
Tashkilotning nomoddiy merosni muhofaza qilish qoʻmitasining 2014 yilda oʻtgan 9-sessiyasida faqat xalqimizga xos janr hisoblangan askiya, qoʻmitaning 2016 yildagi yigʻilishida oʻzbek dasturxonining shoh taomi va koʻrki boʻlgan osh va u bilan bogʻliq udumlar YUNЕSKO nomoddiy madaniy merosi roʻyxatidan joy oldi. Joriy yilda Shahrisabz shahrida YUNЕSKO shafeligida ilk bor oʻtkazilgan anʼanaviy Xalqaro maqom sanʼati anjumani hamkorlikdagi ishlarning yangi sahifasi boʻldi.
2016 yil YUNЕSKO Jahon merosi qoʻmitasining Istanbulda oʻtgan 40-sessiyasida Shahrisabz tarixiy markazi Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan edi. Shahrisabz markazida qurilish-obodonlashtirish ishlari olib borishda YUNЕSKO Jahon merosi qoʻmitasi bilan kelishilmagani tufayli tashkilot ushbu bunyodkorliklarni shaharning tarixiy markazi asliyatini yoʻqotishga sabab boʻlishini qayd etdi. Qoʻmitaning joriy yilda boʻlib oʻtgan 42-sessiyasida Shahrisabz obidalarini roʻyxatda saqlab qolish masalasi koʻrib chiqildi va shaharning tarixiy markazini Jahon merosi roʻyxatida saqlab qolish boʻyicha qaror qabul qilindi.
Mana shu holat bois joriy yil 9 iyunda Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi YUNЕSKO Butunjahon merosi roʻyxatiga kiruvchi obyektlarni qoʻriqlash toʻgʻrisida“gi qarori qabul qilindi. Hujjatda Butunjahon merosi roʻyxatiga kiruvchi binolarni qoʻriqlash xizmatini yaxshilash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilgani qayd etilib, YUNЕSKO huzuridagi Butunjahon merosi qoʻmitasining taklifini amalga tatbiq etish koʻzda tutilgan. Uning amaliyotga joriy etishda xalqaro ekspertlarni jalb etish rejalashtirilgan.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda turizm salohiyati yanada rivojlanayotgani natijasida xalqimizning moddiy va nomoddiy yodgorliklari jahon hamjamiyati eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda.
YUNЕSKOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi umumtaʼlim maktablarida taʼlimga yangi innovatsion oʻqitish usullarini tatbiq etish va ulardan samarali foydalanish, pedagog kadrlar malakasini oshirish yoʻlida mamlakatimiz bilan izchil hamkorlik qilmoqda.
YUNЕSKO Oʻzbekiston taʼlim tizimini inobatga olgan holda, 2030 yilgacha moʻljallangan Barqaror rivojlanish istiqbollari dasturi asosida yirik loyihalar amalga oshirib kelayotir. Oʻqituvchilar malaka va koʻnikmasini oshirish, ularning axborot texnologiyalari, xorijiy tillarni oʻzlashtirishga oid bilimini yanada mustahkamlash maqsadida qator loyihalar hayotga izchil tatbiq etilmoqda. Jumladan, tashkilotning Ochiq taʼlim manbasi loyihasi doirasida 300 ga yaqin, Media va axborot savodxonligi loyihasi doirasida 350 ga yaqin oʻqituvchi, AKT loyihasi doirasida 40 ga yaqin oliy toifali pedagog bilim va koʻnikmasini mustahkamladi.
YUNЕSKO bilan hamkorlik kengayib borishi Oʻzbekistonning fan, taʼlim va madaniyat sohalarida yanada yuksak yutuqlarni qoʻlga kiritishiga, bu esa yurtimizning dunyoda tinchlik va barqarorlikni taʼminlashga oʻzining munosib hissasini qoʻshishiga zamin yaratadi.

 

Zuhra Mirzaboyeva, OʻzA