Shifokorlar adashib sogʻlom oyoqni kesib tashladi

Bu haqda “vesti.ru“ xabar beradi.
Voronejlik 89 yoshli Mariya Dronova — konslager asirasi boʻlgan, Rossiyaning xizmat koʻrsatgan taʼlim xodimi, koʻp yillar davomida oʻquvchilarga matematika fanidan saboq bergan.
Uning oʻgʻli Andrey Dronov soʻnggi yillarda Sankt-Peterburgga yashab kelmoqda. Andrey Voronejga kelganda onasining oʻng tovonida qorason boshlanganini koʻradi va tezlikda jarrohlik amaliyotini oʻtkazishga koʻndiradi. Chunki tez rivojlanayotgan kasallik oʻlimga olib borishi mumkin edi.
Jarrohlik amaliyoti Voronej kasalxonalarining birida 4 noyabrda oʻtkaziladi. Ammo, natija kutilgandek boʻlib chiqmadi.
Andrey Dronov palataga kirganida onasining qorasonga chalingan tovoni qolib, sogʻlom oyogʻining songacha boʻlgan qismi kesib tashlanganini koʻradi. Shundan soʻng u shifokorlar xato qilgan, deb janjal koʻtaradi. Ammo, tibbiyot xodimlari Andreyga aslida ayolning ikkala oyogʻida ham kasallik alomatlari boʻlgani, shuning uchun amputatsiya chap oyoqdan boshlangan, deb izoh beradi.
Biroq Dronovning iddaosicha, poliklinika yoʻllanmasida aynan oʻng oyoqni olib tashlash tavsiya qilingan boʻlgan. Ikkinchi oyoq esa sogʻlom edi.
Hozirda Andrey Dronov shifokorlar ustidan huquq-tartibot organlariga shikoyat qilgan. Mahalliy OAV ham ushbu hodisa yuzasidan tekshiruv oʻtkazishni soʻrab Voronej sogʻliqni saqlash departamentiga murojaat yoʻllagan.

 

Malohat Husanova,OʻzA