Ostona shahrida Oʻzbekiston tadbirkorlarining savdo-koʻrgazma markazi ish boshladi

Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari eksportini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi va Qozogʻistonning “NurGroup” kompaniyasi hamkorligida Ostona shahrining “Samgʻau -Toshkent“ savdo uyida oʻzbekistonlik ishlab-chiqaruvchilarning savdo-koʻrgazma markazi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
photo5406649139267217874.jpg
Savdo-koʻrgazma markazining rasmiy ochilishida Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo-Ulugʻbek Abdusalomov va Oʻzbekistonning Qozogʻistondagi elchixonasi, Ostona shahar hokimligi, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.
photo5406649139267217875.jpg
Tadbir doirasida Samarqand, Buxoro, Turkiston shaharlariga bagʻishlangan koʻrgazmali stendlar namoyish etildi, oʻzbek milliy oshxonasi, kulolchilik, kashtadoʻzlik boʻyicha mahorat darslari oʻtkazildi.
photo5406649139267217876.jpg
Shu oʻrinda alohida qayd etish joizki, savdo-koʻrgazma markazi doimiy faoliyat yuritadi. Ayni vaqtda unda namoyish etilayotgan yurtimiz tadbirkorlarining qandolat, tekstil, mebelsozlik, maishiy texnika mahsulotlarini ulgurji va chakana va narxlarda xarid qilish imkoniyati yaratilgan.
– Hali savdo-koʻrgazma markazi ish boshlamay turib, joriy yilning sentyabr-oktyabr oylarida Samgʻau – Toshkent savdo uyining savdo aylanmasi 1 million dollardan ziyodni tashkil etdi, – dedi mazkur savdo-koʻrgazma taʼsischisi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari eksportini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi raisi oʻrinbosari Mirabbos Aslanov. – Endigi maqsadimiz kelayotgan 2019 yilda Rossiya Federatsiyasi va Boltiqboʻyi davlatlarida Oʻzbekiston mahsulotlarining shu kabi 4 ta savdo-koʻrgazma markazini ochishdir.

 

Malohat Husanova, OʻzA