Fidokorona mehnatining munosib baholonishi: ayol sudyalarga yuksak ehtirom

18

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida barcha sohalar kabi, sud-huquq tizimida ham yirik islohotlar amalga oshirildi. Mamlakatimizda inson qadri va uning huquq va manfaatlarini ta’minlash har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, yangi parlamentimiz tomonidan 2025 yilning o‘zida sudlar faoliyati hamda fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirishga oid qonunlar qabul qilinganini ta’kidlashimiz lozim.

Shu bilan birga, mamlakatimizda sud sohasida gender tenglikni ta’minlash, har tomonlama chuqur bilimga ega kadrlarni qabul qilishga alohida e’tibor qaratilib, bu borada ham ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Keyingi paytda barcha soha va tarmoqlarda erishayotgan natijalarimizga shu nuqtai nazardan baho berib, ularning zamirida, avvalo, insonparvarlik va xalqchillik tamoyillari mujassam ekanini va ular o‘z samarasini berayotganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.

Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyasi Guliston Eshnazarova va Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudining sudyasi Janat Aymaganbetovalar sud tizimida samarali mehnat qilayotgan shunday bilimli kadrlardan hisoblanadi.

Guliston Eshnazarova 2023-2025 yillar davomida apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibida 246 ta, instantsiya tartibida 13 ta iqtisodiy ishlarni, J.Aymaganbetova 170 ta ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqib, qonun asosida hukm chiqardi. Shu bilan birga, ular aholining huquqiy bilimini yuksaltirish maqsadida, respublikamiz hududlarida yashovchilar bilan uchrashuv o‘tkazib, qonunchiligimizga kiritilayotgan yangi o‘zgartish va qo‘shimchalar haqida keng targ’ibot ishlarini olib bordi. Respublikamiz ommaviy axborot vositalarida so‘zga chiqib, o‘zlarining faolliklarini namoyish etdilar. Ular amaldagi qonunchilikka o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha ham o‘z fikr va takliflarini bildirib kelmoqda.

Shuningdek, yosh kadrlarga o‘zlarining bilim va ish tajribalarini o‘rgatib, ularga ustozlik qilib kelmoqda. Ularning qilgan ana shunday fidokorona mehnatlari inobatga olinib, xotin-qizlar bayrami arafasida, 10 mart – Xalqaro ayol sudyalar kuni munosabati bilan mamlakatimiz sud organlaridagi ko‘p yillik samarali mehnati, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, sohaga oid islohotlarni chuqurlashtirish, odil sudlovni adolat, xolislik va shaffoflik tamoyillari asosida amalga oshirish orqali Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug’lash, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga munosib hissa qo‘shayotgani, yuksak professional mahoratini namoyon etib, xizmat vazifasini o‘z kasbiga sadoqat bilan bajarib kelayotgani, yuqori malakali kadrlar tayyorlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi ibratli faoliyati hamda jamiyat hayotidagi faol ishtiroki uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maxsus Farmoni bilan Guliston Eshnazarova “Jasorat,” Janat Aymaganbetova “Shuhrat” medallari bilan taqdirlandi.

O‘z navbatida biz ham o‘z kasbining fidoyisi bo‘lgan ushbu sudyalarni olgan yuksak mukofotlari bilan chin dildan tabriklab, ularning kelgusi ishlariga rivoj tilaymiz!

Qoraqalpog’iston axborot agentligi