Parashyutdan sakragan birinchi qoraqalpoq qizini bilasizmi?

Har bir davrning o‘z qahramonlari bo‘lgani kabi, Sharigul opa qaysi davrda yashamasin, o‘zining mardligi, bilimi, mohir tashkilotchilik qobiliyati bilan davr qahramoni bo‘lgan ayol. Bugun parashyutdan sakrash oddiy narsa bo‘lib qolgan bo‘lishi mumkin, lekin, 1961 yili qoraqalpoq qizining “yurak yutib” parashyutdan sakrashi bu o‘sha davr ayol-qizlari turmushidagi katta yangilik edi…
Sobiq VLKSMning 50 yilligi sovxozida (hozirda Sho‘rtanboy elati) mas’uliyatli ishlarda ishlab yurgan vaqtlarida o‘zining faolligi bilan ko‘zga tushgan Sharigul Yusupboevaning hayot yo‘lidagi tajribasi o‘sha uzoq yoshlik yillarida qolgan o‘ziga xos bo‘lgan qaysarligi, o‘ziga bo‘lgan ishonch bilan tashlagan qadamidan boshlangan edi…
– Maktabni kumush medal bilan bitirib, 1959 yilda Toshkent qishloq xo‘jaligi institutining iqtisodiyot fakultetiga o‘qishga kirgan paytlarim edi, – deydi u o‘sha yoshlikni eslab. Talabalarning turli to‘garaklarga qatnashishi belgilanganligi sababli men DOSAAFning parashyutdan sakrash to‘garagiga yozilib, o‘ning sakrash sirlarini o‘rgana boshladim. Bir kuni samolyotga chiqib, parashyutdan sakraymiz deb tibbiy ko‘rikdan o‘tdik. Tekshiruvdan muvaffaqiyatli o‘tgan yoshlar orasida birinchi marta 1961 yilning 12 martida “An-2” samolyotidan 800 metr balandlikdan sakradim…
Ochiq va ko‘m-ko‘k osmon qo‘ynida oppoq quloch yoygan parashyutda erga etguncha mardlikni bo‘yniga olib, tavakkalchilikni tumor qilgan qoraqalpoq qizi o‘sha kuni parashyutdan sakragan birinchi qoraqalpoq qizi bo‘lib tarixda qoldi. Mana shundan beri ham oradan 65 yil vaqt o‘tibdi.
Siz ko‘rib turgan surat “O‘zbekiston xotin-qizlari” jurnalining fotomuxbiri M. Rozenkrans tomonidan olingan bo‘lib, berilgan topshiriqni muvaffaqiyatli bajarib, quvonchdan yuzlari porlab turgan paytda olingan bu suratda yoshlikning, jasoratning o‘ziga xos bo‘lgan go‘zal ko‘rinishi aks etgan. Pastda kutib turgan do‘stlari quvonch bilan kutib olib, hammasi “desant”likni mas’uliyat bilan bajargan o‘sha damlar uning bir umr yurak to‘rida saqlanib qolgan.
Sharigul opa institutni tugatgandan so‘ng Kegeyli tumanidagi sobiq Jdanov nomidagi xo‘jalikda iqtisodchi bo‘lib ishlashdan mehnat faoliyatini boshladi. Qaynab turgan g’ayrat, jasorat bilan davom etayotgan hayot yo‘lida u o‘sha davrdagi xo‘jalik rahbarlarining ishonchi bilan komsomol qo‘mitasining ishlarida mas’uliyatli vazifalarni bajardi. 1967 yildan boshlab yangidan joylashgan Nukus tumanidagi VLKSMning 50 yilligi sovxozida (hozirgi Sho‘rtanboy) avval hisobchi, keyin kadrlar bo‘limining boshlig’i lavozimini bajarib, 1975 yildan boshlab qishloq kengashida kotib bo‘lib o‘n ikki yil ish olib bordi va keyin “Sho‘rtanboy” shirkat xo‘jaligining kasaba uyushmasi qo‘mitasida rahbarlik qiladi.
Qoraqalpoqning birinchi “desant” qizi azaldan qoniga singgan jasorati bilan u mehnat yo‘lida qanday lavozimni bajarmasin va qat’iy hamda mehribon xulqi bilan barcha ishni o‘z vaqtida bajarib, el-yurt oldida yaxshi nom, yaxshi obro‘ orttirdi. Erkaklarga xos g’ayrat bilan olib borgan mohir tashkilotchilik ishlari orqali u sholikorlik bilan nom chiqargan sovxozning iqtisodiyoti rivojlanishiga munosib hissa qo‘shdi.
1994 yildan boshlab faxriy nafaqaga chiqqan Sharigul Yusupboeva “Nuroniy” jamg’armasining Sho‘rtanboy xo‘jaligidagi jamoatchilik markaziga rahbarlik qildi. U rahbarlik qilgan davrda markaz “Eng yaxshi jamoat markazi” tanlovining O‘zbekiston bosqichida ikkinchi o‘rinni egalladi.
Tabiatan nozik tabiatli bo‘lib yaratilgan ayol uchun uning umrini go‘zalliklar bilan bezab, turmush yo‘lida “qo‘sh arava”ni teng tortib, og’irini engil qiladigan umr yo‘ldoshining o‘rni alohida. Shunday vazifani munosib ado etgan, maktabda jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan umr yo‘ldoshi Aralbay Beknazarov (marhum) bilan birgalikda ular o‘g’il-qizlarni voyaga etkazib, jamiyatda munosib o‘rin topishida yaxshi tarbiya berdi.
Ayni paytda Sharigul opa baxtli nuroniylik yoshida o‘g’il-qizlari, nabira va chevaralari bilan quchog’i to‘la bo‘lgan baxtli ona. Qishloqda, mahallada, qo‘ni-qo‘shni va yaqinlari davrasida oqsoqolligi bilan yoshlarga yo‘l ko‘rsatishda charchamaydigan uning xizmatlari hukumatimiz tomonidan munosib baholanib, “Ibratli ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Bizga tarixdan ma’lum bo‘lganidek qoraqalpoq ayol-qizlari orasida mardlik timsoli bo‘lgan voqealar ko‘p. Biroq, parashyutdan sakragan birinchi qoraqalpoq qizining g’ayrati o‘z oldiga barcha qizlarimiz uchun o‘rnak, faollik, jasorat baxsh etishi shubhasiz.
-Yoshlik qayta aylanib kelsa parashyutdan yana sakrar edim, -deb jilmayib yuzlaridan nur yog’ilib turgan onamizni baxtli davrning baxtli onlari tark etmasligini tilab, bayram bilan tabriklab, zo‘r muvaffaqiyat tilaymiz.
Gulnora Turdishova, Qoraqalpog’iston axborot agentligi