Tinchlik kengashi nima?

27

Ma’lumki, shu kunlarda Qo‘shma Shtatlarning Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yig‘ilishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan va unda davlatimiz rahbarining ham ishtirok etishi kutilyapti.

Ta’kidlanishicha, ushbu yig‘in AQSH Tinchlik institutida bo‘lib o‘tadi hamda G‘azo sektorini tiklash, unga gumanitar yordam ko‘rsatish, ushbu mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash masalalariga bag‘ishlanadi.

Tinchlik kengashi maqsadi

https://data.daryo.uz/media/content/2026/01/23/1769162680135383506_347519803889549.jpeg

Tinchlik kengashi AQSH prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan 2025-yilning sentabr oyida ishlab chiqilgan G‘azodagi nizolarni to‘xtatish va uning keyingi tiklanishi bo‘yicha keng qamrovli rejaga asoslangan. O‘tgan yil 17-noyabr kuni BMT Xavfsizlik Kengashi ushbu rejani qo‘llab-quvvatladi va tegishli rezolyutsiya qabul qilindi. Tinchlik kengashining Nizomi 2026-yil 22-yanvar kuni Davosdagi Jahon iqtisodiy forumi doirasida tuzilmaga a’zo davlatlar rahbarlari tomonidan rasman imzolandi.

Yangi tashkilotning yuridik maqomi klassik xalqaro tashkilotlardek boshqaruvchi huquqiy korpusga ega bo‘lishi belgilangan. Mazkur kengashning maqsadi qurolli to‘qnashuvlardan jabrlangan mintaqalarda osoyishtalikni ta’minlash, barqaror tinchlikni o‘rnatish va boshqaruvni samarali tiklash uchun zarur sharoitlar yaratishdir.

Tuzilmaga qaysi davlatlar a’zo?

https://cdn.slowdownwiseup.co.uk/media/original_images/88082.jpeg

Qayd etilganidek, Kengashning Nizomini unga a’zo 19 mamlakat rahbarlari imzoladi. Ular orasida AQSH, Ozarbayjon, Armaniston, Bahrayn, Bolgariya, Vengriya, Indoneziya, Iordaniya, Qozog‘iston, Qatar, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Mavritaniya va boshqa davlatlar mavjud. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ham ushbu tadbirda bevosita qatnashdi va O‘zbekistonni tashkilotning asoschilaridan biri sifatida tamsil qildi.

Shu bilan birga, ma’lum mamlakatlar, jumladan Fransiya, Germaniya, Shvetsiya, Norvegiya kabi o‘lkalar o‘zining diplomatik mavqei va xalqaro huquqiy institutlar bilan munosabatlarini hisobga olib, hozirgi bosqichda Tinchlik kengashiga rasman qo‘shilmagan.

E’tiborlisi, kuni kecha Italiya bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Antoniu Tayani o‘z mamlakatining kengashda kuzatuvchi sifatida ishtirokini Yaqin Sharqni barqarorlashtirishga qaratilgan dadil qadam sifatida baholadi. Mulozim Italiya G‘azoni qayta tiklash jarayonidan chetda qolmasligi kerakligini ta’kidlab, mazkur amaliyot hukumatning mintaqada tinchlikni mustahkamlashga qaratilgan siyosati davomi ekanini bildirgan.

O‘zbekiston ishtirokining ahamiyati

O‘zbekistonning mazkur tashabbusda ishtirok etishi mamlakat tashqi siyosatining xalqaro tiklanish, barqarorlik va global hamkorlik yo‘nalishidagi faol ishtirokini tasdiqlaydi. Davlatimiz rahbarining Davosda Nizomni imzolashi diyorimizning mintaqalarlararo tinchlik va barqarorlik jarayonlariga qo‘shilayotgan ta’sirini ko‘rsatdi. O‘zbekiston ishtirokining muhim jihati, diplomatik muloqotni kengaytirish, xalqaro mexanizmlar orqali mintaqaviy siyosatni muvofiqlashtirish hamda o‘z diplomatik salohiyatini yanada jahon arenasida namoyon qilishdir.

Ishbilarmonlik dasturi doirasida Prezidentimiz Amerikaning yetakchi kompaniyalari va moliya institutlari rahbarlari ishtirokidagi strategik loyihalar taqdimoti hamda iqtisodiy sohaga oid ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimida ishtirok etishi ham ko‘zda tutilgan.

Keyingi bosqichlarda tashkilotning amaliy faoliyati nizolardan jabrlangan mintaqalarda tinchlikni ta’minlash, rekonstruksiya loyihalarini muvofiqlashtirish, boshqaruv tizimini yaratish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash kabi yo‘nalishlarda namoyon bo‘lishi kutilmoqda.

Ekspertlar fikricha, O‘zbekistonning mazkur tashabbusda faol ishtirok etishi mintaqada tinchlik, barqarorlik va ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tashqi siyosat yo‘nalishining davomiy qismi sifatida baholanmoqda.

Dilshod Hakimov, O‘zA