O‘zbekiston bojxona sohasi xodimlariga
Hurmatli bojxona organlari xodimlari!
Qadrli serjant, ofitser va generallar!
Muhtaram faxriylar!
Sizlarni 26 yanvar – O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kuni bilan samimiy tabriklayman.
Mustaqillik yillarida bojxona organlari mamlakatimiz iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash, milliy manfaatlarimizni himoya qilish va chegaralarimiz daxlsizligini asrashda davlatning ishonchli tayanchi bo‘lib kelmoqda.
Xususan, Yangi O‘zbekiston sharoitida bojxona organlari zamonaviy, ochiq va samarali tizimga aylanib, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Sizlarning bilim va tajribangiz, kasbiy mahorat va qat’iyatingiz mamlakatimiz iqtisodiy barqarorligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, sohani raqamlashtirish, ortiqcha byurokratiya va inson omilini kamaytirish va xalqaro standartlarni joriy etish borasidagi amaliy ishlaringiz alohida e’tiborga loyiq.
Sohadagi tub islohotlar tufayli keyingi yillarda bojxona rasmiylashtiruvi vaqti 40 foizga qisqartirildi, deklaratsiyalarning 20 foizi inson omilisiz amalga oshirilmoqda. 2025 yilda 76,2 trillion so‘m bojxona to‘lovlari undirilib, bu ko‘rsatkich 21 foizga oshdi va uning davlat byudjeti daromadlaridagi ulushi 25 foizga yetdi.
Shuningdek, 1,2 trillion so‘mlik tovarlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Xavflarni oldindan tahlil qilish natijasida 7 trillion so‘m, tovarlarni rasmiy importga jalb etish orqali qo‘shimcha 2,3 trillion so‘m byudjet mablag‘i undirilishi ta’minlandi.
Shu bilan birga 1,8 tonna giyohvandlik, 1,1 tonna psixotrop va kuchli ta’sir etuvchi moddalarning noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi. Jahon savdo tashkiloti talablari asosida bojxona tartib-taomillari soddalashtirildi. Jahon bojxona tashkiloti bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Yangi O‘zbekiston bojxonasining xalqaro nufuzi yuksalib bormoqda.
Mamlakatimiz bojxona laboratoriyasi va kinologiya markazining mintaqaviy filial maqomiga ega bo‘lishi, Bojxona institutining “PICARD” dasturi standartlari asosida akkreditatsiyadan o‘tishi, bojxona idoramizning mazkur tashkilot Audit qo‘mitasi a’zoligiga saylanishi ham shundan dalolat beradi. Bojxona tizimida bilimli, tashabbuskor yosh kadrlar safining kengayib borayotgani, ularning malakali xalqaro ekspertlar sifatida e’tirof etilayotgani quvonarlidir.
Qadrli soha vakillari!
Bugungi murakkab zamonda iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash, jumladan, kelgusi besh yilda “yashirin iqtisodiyot” ulushini ikki karra qisqartirishda bojxona organlari faoliyatini kuchaytirish – dolzarb vazifadir. Ayniqsa, mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lib kirishi munosabati bilan bojxona tizimining ish samaradorligi va mas’uliyatini tubdan oshirish zarur.
Shu bois sohani har tomonlama rivojlantirish, uning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, xodimlar mehnatini munosib rag‘batlantirish doimiy e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Ushbu shonli ayyomda o‘z xizmat burchini ado etish chog‘ida halok bo‘lgan mard va jasur xodimlar xotirasini hurmat bilan yodga olib, ularning oilalari va farzandlariga ezgu tilaklarimizni yo‘llaymiz.
Hurmatli bojxona organlari xodimlari!
Muhtaram faxriylar!
Sizlarni yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga mustahkam sog‘liq, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Mas’uliyatli va sharafli xizmatingizda yangi yutuq va zafarlar yor bo‘lsin!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti