Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi umumtaʼlim maktablariga homiylik mablagʻlarini jalb qilish uchun shaffof platformani ishga tushirdi. Mamlakatimizda ilk bor “Kraundfanding” (Xalq tomonidan moliyalash) birinchi platformasi “Mfond.uz oʻz ishini boshladi.
Ushbu tizim umumtaʼlim maktab rahbarlari uchun oʻquv muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish uchun homiylik mablagʻlarini ishlatishda ochiqlik taʼminlab beradi.
Shu munosabat bilan Yoshlar press-klubida tashkil etilgan tadbirda turli vazirlik va idoralar rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari ishtirok etdi. Ushbu platforma orqali jamlangan mablagʻlar mamlakatimizdagi taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, kam taʼminlangan oila farzandlarini qoʻllab-quvvatlash va iqtidorli oʻquvchilarni ragʻbatlantirish muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Mazkur jamgʻarma orqali homiylar mablagʻlarini maʼlum bir taʼlim dargohi yoki umumiy jamgʻarma hisobiga oʻtkazib berishi mumkin. Jamgʻarma hisobidan amaliy darslarga moʻljallangan oʻquv labaratoriyalari, aqlli sinflar jihozlanadi. Shuningdek, umumtaʼlim maktablari oʻquvchi va oʻqituvchilarining ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarini amalga oshirish hamda uni rivojlantirish uchun mablagʻlar yoʻnaltiriladi.
M.Toshqorayeva, OʻzA